Shu yilning 21-mart kuni “Kun.uz” tomonidan og‘ir xastaligi sabab xalqdan ko‘mak ilinjida bo‘lgan Yulduzxon ismli qiz uchun e’lon qilingan xayriya aksiyasi doirasida yig‘ilgan pullarni o‘g‘irlashdi.
“Qizim yaqin kunlar ichida Hindistonga operatsiyaga borishi lozim edi. Ancha-muncha mablag‘ tushgandi. Ketishimiz uchun 40 million so‘m yetmay turgandi. Bugun 12-aprel kuni soat 12 yarimlarda plastik kartamdan noma’lum kimsa tomonidan pul yechilayotganligini sezib qoldim. Darhol yaqin hududdagi bank apparatida kartamni blokladim. Biroq bu vaqtgacha 22 million so‘mdan ortiqroq summa yechib olingandi. Tezda bankka, yana boshqa tashkilotlarga bordim. Ular ham qo‘lidan kelgancha yordam qilishlarini aytishdi. Pulni yechib olgan odamning insofsizligi meni hayron qoldirdi. Qarang, shunday odamlar ham bor ekan. Bolamning ahvolini hamma ko‘rib turibdi. Shu ahvolida ham pulimizni talab tashlashdi. Ularniyam ona tuqqan-ku. Ularning ham farzandi, bola-chaqasi bor-ku. Men bu masalada ichki ishlar xodimlari tomonidan chora ko‘rilishini so‘rab qolaman. O‘sha odamga ham insof bersin. Xufyona tarzda bo‘lsa ham o‘sha pulni olib kelishini so‘rab qolaman”, – deydi chorasiz holatda qolgan Ziroat Jaylabayeva ko‘zlarida yosh bilan. Bu so‘zlar bir vaqtda ham o‘kinch, ham nafrat tarzida yangragandek bo‘ldi.
Nashr masala yuzasidan tegishli tartibda ichki ishlar organlariga xabar berdi. Oilaning yashash manzili bo‘yicha Toshkent viloyati Zangiota tumani IIB boshlig‘i mayor Mirqodir Jalolov bilan uchrashdi. U kishi bu ish shaxsan o‘z nazoratida bo‘lishini qat’iy ta’kidladi.
“Ish bo‘yicha zudlik bilan choralar ko‘riladi. Bu bizning vazifamiz, chora ko‘rishimiz shart. Ustiga-ustak nogironligi bo‘lgan shaxs yuzasidan ekan. Amaliy yordam beriladi”, — dedi Jalolov.
Izoh (0)