Amerikalik qiz jirafani o‘ldirib, o‘ljasi bilan suratga tushgan. Internet foydalanuvchilari qizni tanqid ostida qoldirgan, deb yozmoqda TravelAsk.
Bugun badavlat kishilar vaqtini chog‘ o‘tkazish uchun tanlayotgan turli-tuman mashg‘ulotlar ichida, afsuski, xavflilari ham bor. Buning yorqin misoli — jirafa ovi. Jirafa qirilib ketayotgan hayvonlar sirasiga kirmaydi, biroq ularning soni kun sayin qisqarib bormoqda. Bugungi kunda sayyorada 110—150 mingga yaqin jirafa bor. Jirafalar Afrikaning JAR, Zimbabve, Namibiya singari davlatlarida ko‘p uchraydi. Shuning uchun, bu mamlakatlarda jirafa ovi taqiqlanmagan.
Jirafa o‘ldirish uchun ovchilar 15 ming dollar (ba’zida esa ko‘proq) miqdoridagi pulni to‘lashga tayyor. Bu vahshiy mashg‘ulotning o‘rtacha narxi sutkasiga 1500 dollarni tashkil qiladi.
Yaqinda amerikalik Tess Tompson Telli ismli qizning o‘z o‘ljasi bilan tushgan surati internet foydalanuvchilari e’tiborini tortdi. Aslida qiz jirafani 1 yil ilgari ovlab suratga tushgan, biroq Afrika ommaviy axborot vositalari suratni yaqindagina e’lon qilgan. Tessning so‘zlariga qaraganda, u noyob qora jirafani o‘ldirib o‘zining butun umrlik orzusini ro‘yobga chiqargan. Shuning uchun ham, u o‘z quvonchini yashirmagan holda suratni ijtimoiy tarmoqqa joylagan.
Jurnalistlar suratga nisbatan tanqidiy munosabat bildirgan: “Oq tanli amerikalik yovvoyi Afrikaga keladi va o‘zining ahmoqligi tufayli noyob jirafalarni o‘ldiradi. Uning ismi Tess Tompson Telli”.
Post ostida 50 mingga yaqin izoh qoldirilgan. Tabiiyki, foydalanuvchilarning aksariyati qizni tanqid qilgan. Biroq ayrimlar Afrika mamlakatlari hukumatlarini jirafa ovlashni taqiqlamagani uchun jazoga tortish lozimligini yozgan: “Siz bunga yo‘l qo‘ygan Afrika davlatlarini ayblashingiz kerak. Bu g‘ayriinsoniylikdir”.
Tessning o‘zi esa suratni shunday izohlagan: “Bugun meni jirafa ovlash bilan bog‘liq butun umrlik orzum ro‘yobga chiqdi. U mening o‘ljam ekanini darrov sezdim. U 18 yoshdan katta, og‘irligi — 1814 kilogramm, bu — 900 kilogrammdan oshiq go‘sht degani”.
Albatta, tanqidga uchragach Tess o‘zini oqlashga uringan. Uning aytishicha, jirafalar soni qo‘riqxonalar qurilganidan keyin ko‘payishni boshlagan. Qo‘riqxonalar esa ovchilar mablag‘lari evaziga qurilgan. Shuningdek, Tess jirafaning nihoyatda qari va ko‘payishga qodir bo‘lmaganini yozgan.
Izoh (0)