O‘zining so‘nggi mavsumini “Andijon” futbol klubida o‘tkazgan Abdulatif Abduqodirov faoliyatini Qirg‘izistonning “Dordoy” klubida davom ettiradi. Bu haqda “Championat.asia” nashri ma’lumot berdi.
Qayd etish kerak, “Dordoy” sharafini himoya qilayotgan o‘zbekistonlik Alisher Azizov Qirg‘izistondagi faoliyatiga o‘zi baho berib, mamlakatda O‘zbekiston futbolchilariga bo‘lgan qiziqish ancha oshganini qayd etgandi. U “Dordoy”ning OFK kubogi doirasidagi to‘rtta o‘yinida maydonga tushib, 3 ta gol urdi va jamoasini guruh bosqichiga olib chiqdi.
Endi u “Dordoy”da yolg‘iz emas. Abdulatif Abduqodirov hujum chizig‘ida unga yordam beradi. 29 yoshli futbolchi 2015-yilgi mavsumda “Andijon”ning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan, 2014-yil mamlakat Birinchi ligasida to‘purarlikni qo‘lga kiritgan.
Ma’lumot uchun, Abdulatif Abduqodirov o‘z vaqtida “Paxtakor”, “Lokomotiv”, “Qizilqum”, “NBU-Osiyo” kabi klublar sharafini ham himoya qilgan. Uning “Dordoy” bilan shartnomasi qanchaga mo‘ljallangani borasida aniq ma’lumot yo‘q.
Izoh (0)