Daryo

Yanvarda bahor: O‘zbekistondagi noodatiy iliq havo daraxt va gullarni uyg‘otmoqda

Surxondaryoda yanvar oyida bodom gullashi — ro‘y berib turadigan hodisa

2 daqiqa o‘qish76 100 ko‘rishlar0 izoh0
Foto: Facebook / Matlub Komil qizi

So‘nggi bir-ikki kundan beri kechasi havo sezilarli soviganini hisobga olmasa, 2016-yilda quyosh charaqlamagan biror kun bo‘lmadi hisob. Qishning ikkinchi oyidagi bu qadar noodatiy iliqlik, bahoriy havo tabiatni muddatidan avval uyg‘onishga majbur qilmoqda.

12-yanvar kuni taniqli xonanda Lola Instagram’dagi sahifasida fotoxabar qoldirdi — uning yozishicha, derazasi oldida boychechak ochilgan.

Foto: Instagram / @lolaofficial_

16-yanvar kuni Facebook foydalanuvchilaridan biri Chirchiq shahrida boychechaklar gullagani haqida xabar qoldirdi.

Foto: Facebook / Matlub Komil qizi

17-yanvar kuni “Daryo” mobil muxbiri Gulnora Yusupova Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida binafsha va boshqa gullarning ochilganini, 18-yanvar kuni esa bodom gullaganini ma’lum qildi.

Foto: “Daryo” mobil muxbiri

Chirchiqdagi boychechaklar, Toshkentdagi binafshalar haqidagi xabar chop etilganidan so‘ng, Facebook foydalanuvchilaridan biri “besh kun avval Surxondaryoda bodom gullagani” haqida yozdi.

Surxondaryoda yanvar oyida bodom gullashi — ro‘y berib turadigan hodisa. Masalan, 2015-yilning 15-yanvarida O‘zbekistonning eng janubiy viloyatida bodom gullab ketgani, bunga “havo haroratining mutassil +10 daraja iliq kelishi” sabab bo‘lgani aytilgandi.

Sinoptiklarning so‘zlariga ko‘ra, yanvardagi bunday iliq havoning sababi — atmosferada janubiy-g‘arbiy oqimning ustunlik qilayotgani va u bilan chet janub hududlaridan O‘zbekiston hududiga iliq va nam havoning kirib kelayotganidir. Bu tushunishga biroz qiyinroq gap, shuning uchun e’tiboringizni 2015-yilgi mana shunday bahoriy yanvardan so‘ng mart oyida qanday qahraton qish bo‘lgani haqidagi “O‘zgidromet” axborotiga qaratamiz:

“2015-yilning ahamiyatli tomoni, to‘rt faslda ham iqlim me’yoridan iliqroq bo‘ldi, eng sezilarli farq (+2,7 daraja) qish mavsumiga to‘g‘ri keldi. 2015-yilning ahamiyatli havo anomaliyasi mart oyi oxiridagi sovuqlar bo‘ldi — hamma joyda daraxtlar gullagan bir vaqtda Ural hududlaridan keskin sovuq havo kirib keldi. 29—31-mart kunlari O‘zbekistonning barcha hududlarida qor yog‘di. Harorat kechasi -7...-2 daraja sovuq bo‘ldi. Bu so‘nggi 50 yildagi eng sovuq mart bo‘ldi. 30—31-mart kunlari O‘zbekistonning aksariyat hududlarida meteokuzatuvlar tarixidagi eng past harorat qayd etildi”.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar