Daryo

Qoraqalpog‘istonda “Media haftalik”ning ilk bosqichi yakunlandi

Unda 700 dan ortiq soha vakillari qatnashib, zamonaviy kontent yaratish va sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ldi.

2 daqiqa o‘qish3 201 ko‘rishlar0 izoh2

Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkazilgan “Media haftalik” loyihasining dastlabki bosqichi yakunlandi. Kontent markazi tomonidan qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan loyiha doirasida Orolbo‘yi hududi besh kun davomida innovatsion media maydoniga aylandi.

Foto: Kontent markazi axborot xizmati

Ma’lum qilinishicha, haftalik davomida 700 dan ortiq soha vakillari bir maydonga jamlandi. Ular orasida 60 dan ortiq axborot xizmati rahbarlari va xodimlari, 80 dan ziyod hududiy va mahalliy telekanal vakillari — muxbirlar, tasvirchilar, montajchilar, rejissyorlar va muharrirlar, 50 dan ortiq bosma va elektron OAV xodimlari, shuningdek, mustaqil blogerlar, 500 nafardan ortiq mobilograf, SMM mutaxassislari va kontent yaratuvchilar ishtirok etdi. Tadbir oddiy o‘quv seminari emas, balki media sohasida yangicha fikrlashni shakllantirishga qaratilgan amaliy tajriba maydoni sifatida tashkil etildi.

Foto: Kontent markazi axborot xizmati
Foto: Kontent markazi axborot xizmati

Qayd etilishicha, turli bilim va tajriba bilan qatnashgan ishtirokchilar haftalik yakuniga kelib zamonaviy media vositalaridan foydalanish, sun’iy intellekt bilan ishlash hamda global axborot oqimiga moslashish bo‘yicha muhim ko‘nikmalarga ega bo‘ldi. Ular axborot xurujlariga qarshi turish, kreativ kontent yaratish va raqamli muhitda samarali ishlash bo‘yicha amaliy bilimlarni egalladi.

Foto: Kontent markazi axborot xizmati
Foto: Kontent markazi axborot xizmati

Mashg‘ulotlar turli yo‘nalishlar bo‘yicha tashkil etildi. Bosma va internet nashrlari vakillari faktcheking, mediaxavfsizlik, raqamli gigiyena, korrupsiya mavzularini yoritish hamda ma’lumotlarni vizuallashtirish bo‘yicha bilimlarini oshirdi. Televideniye xodimlari siyosiy va iqtisodiy islohotlarni kreativ yondashuvda yoritish, hujjatli filmlar yaratish, texnik jihozlardan foydalanish va montaj sirlarini o‘rgandi.

Matbuot kotiblari uchun strategik kommunikatsiya, inqirozli vaziyatlarda reputatsiyani boshqarish, bayonot va rad etish qoidalari, ochiqlik indeksi va KPI ko‘rsatkichlari, shuningdek, sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha master-klasslar tashkil etildi. SMM mutaxassislari va blogerlar esa mobil reportaj, storytelling, algoritmlar bilan ishlash va rasmiy sahifalarni samarali yuritish bo‘yicha ko‘nikmalarni egalladi.

Foto: Kontent markazi axborot xizmati
Foto: Kontent markazi axborot xizmati

Mashg‘ulotlarni media sohasining amaliy tajribaga ega yetakchi mutaxassislari olib bordi. Ular orasida Beruniy Alimov, Nozima Toshpo‘latova, Jahongir Olimov, Ikrom Avvalboyev, Baxtiyor To‘raxonov, Muhrim A’zamxo‘jayev, Bobur Mansurov kabi ekspertlar bor. Ishtirokchilar o‘z ishlaridagi xatolarni bevosita mutaxassislar bilan tahlil qilib, samarali va zamonaviy kontent yaratish bo‘yicha amaliy tajriba orttirdi.

“Media haftalik” yakunida hududdagi media vakillarini jamlagan yirik media forum o‘tkazilib, ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi. Loyihaning navbatdagi bosqichi 6–10-aprel kunlari Xorazm viloyatida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Navoiydanman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining Internet jurnalistika yoʻnalishini tamomlaganman. “Daryo”da 2026-yildan buyon Mahalliy xabarlar boʻlimida muharrir sifatida faoliyat yuritib, yangiliklar va jamlanmalar yozaman. Zemekisning “Forrest Gamp” filmini 20 martadan koʻproq tomosha qilganman. Kafkaning “Qalʼa” romanini qayta-qayta oʻqiyman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar