Daryo

O‘zbekistonda tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvlar cheklanadi

O‘tkazilgan tekshiruvlar va nazorat tadbiri hisoblanmaydigan muloqotlar natijasi bo‘yicha davlat xizmatchisi xatti-harakatlariga baho berish imkoni yaratiladi. “Biznes himoya” QR kodi joriy etiladi.

3 daqiqa o‘qish3 974 ko‘rishlar0 izoh1

Prezident 17-aprel kuni “Tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarni cheklash va nazorat tadbirlarining shaffofligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-iyuldan amaldagi funksiyalariga qo‘shimcha ravishda quyidagi yangi imkoniyatlarga ega “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi va uning mobil ilovasi ishga tushiriladi:

  • tadbirkor faoliyat yuritadigan joydagi tuman (shahar) hokimi, mahalla raisi, hokim yordamchisi, profilaktika va soliq inspektorlari haqida ma’lumot olish va ularga murojaat qilish (chat) tizimini yaratish;
  • o‘tkazilgan tekshiruvlar va nazorat tadbiri hisoblanmaydigan muloqotlar natijasi bo‘yicha davlat xizmatchisi xatti-harakatlariga baho berish;
  • tekshirish huquqi bo‘lmagan yoki tekshiruvga chiqishi belgilanmagan nazoratchi haqida real vaqt rejimida tadbirkorni xabardor qilish va boshqalar.
2026-yil 1-avgustdan boshlab quyidagilar joriy etiladi:
  • nazorat qiluvchi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar mansabdor shaxslari va xodimlari (davlat xizmatchisi) hamda tadbirkorlar o‘rtasida nazorat tadbiri hisoblanmaydigan muloqotni “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida hisobga olish tartibi.


Shuningdek, “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida tadbirkorlar faoliyatida o‘tkaziladigan barcha tekshiruvlarni, shu jumladan, qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari doirasida o‘tkaziladigan tekshiruvlar va profilaktika tadbirlarini ro‘yxatga olishni va nazorat tadbiri hisoblanmaydigan muloqotlarni hisobga olishni ta’minlovchi “Biznes himoya” QR kodi joriy etiladi.









Nazorat qiluvchi organ mansabdor shaxsi tadbirkorlik subyekti faoliyatida tekshiruv o‘tkazishdan oldin “Yagona davlat nazorati” axborot tizimining mobil ilovasi yordamida tadbirkordagi “Biznes himoya” QR kodini skanerlash orqali tekshiruvni ro‘yxatga oladi. 2026-yil 1-avgustdan boshlab davlat xizmatchilari “Biznes himoya” QR kodi orqali tekshirish yoki muloqot haqidagi ma’lumotni belgilangan tartibda “Yagona davlat nazorati” axborot tizimiga kiritmasa, tadbirkorlar davlat xizmatchisini tekshiruv o‘tkazish uchun o‘z hududiga qo‘ymaslik va muloqotga kiritmaslik huquqiga ega bo‘ladi.


Insofsiz tekshiruvchilar reyestri

Farmonga ko‘ra, davlat xizmatchisi davlat organi nomidan yoki o‘zining xizmat mavqeyidan foydalangan holda tadbirkor faoliyat yuritadigan binoga nazorat yoki profilaktika tadbirini o‘tkazish maqsadisiz tashrif buyurishi yoxud tadbirkorni boshqa joyga chaqirishi nazorat tadbiri hisoblanmaydigan muloqot (muloqot) sifatida baholanadi.

“Yagona davlat nazorati” axborot tizimiga muloqot haqidagi ma’lumotlarni kiritish davlat xizmatchilari uchun majburiy hisoblanadi va ushbu talabga rioya etmaganlik tegishli tartibda xizmat tekshiruvi o‘tkazilishi uchun asos bo‘ladi. Bo‘lib o‘tgan muloqotning asosli yoki asossiz ekanligiga baho berish tegishli davlat organining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasi yoki ushbu funksiyani amalga oshirish yuklatilgan bo‘linma yoxud mansabdor shaxs tomonidan amalga oshiriladi.

Ayni bir tadbirkorlik subyekti bilan 1 yil davomida 2 va undan ortiq marotaba asossiz muloqotga kirishgan davlat xizmatchisiga quyidagi choralar qo‘llanadi:

  • davlat organining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasi tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkaziladi;
  • ayni shu tadbirkorlik subyektida o‘tkaziladigan nazorat tadbirlariga oxirgi muloqot qayd etilgan sanadan e’tiboran 12 oy davomida ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmaydi;
  • mazkur taqiqqa rioya etmaslik tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirish tartibini buzish hisoblanadi hamda tekshirish huquqini beruvchi maxsus guvohnoma amal qilishining 3 oygacha to‘xtatib turilishiga olib keladi;
  • tadbirkor faoliyatini tekshirish va ular bilan muloqot qilish tartibini surunkali tarzda buzuvchi shaxslar 6 oy muddatga Insofsiz tekshiruvchilar reyestriga kiritiladi.

2026-yil 1-avgustdan boshlab davlat nazorati tartibotlarini raqamlashtirish va shaffofligini oshirish doirasida tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirishda ishtirok etadigan yoki tadbirkor bilan muloqotga kirishadigan davlat xizmatchilari “Yagona davlat nazorati” axborot tizimining mobil ilovasidan foydalanishlari majburiy etib belgilanadi.  “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida tekshirish huquqini beruvchi maxsus guvohnomalarning elektron shaklini yuritish orqali uni qog‘oz ko‘rinishida rasmiylashtirish tartibi bekor qilinadi.

Toshkentdanman. Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti Chet tillar fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri Mahalliy xabarlar bo‘limida muharrir lavozimida ishlayman va O‘zbekistonda ro‘y berayotgan voqealarni kuzatib, yoritib boraman. Tavsiyalarga ko‘ra kino va filmlar ko‘raman. Kitoblardan Charlz Dikkensning “Devid Kopperfild” romanini aynisa qiziqish bilan o‘qiganman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar