Daryo

Uchta davlat Isroil ishtiroki tufayli “Yevrovideniye”ni efirga uzatmaydi

Mamlakatlar Isroilning G‘azodagi harbiy harakatlari sabab tanlovga boykot e’lon qilib, unda ishtirok etishdan voz kechgandi.

2 daqiqa o‘qish7 764 ko‘rishlar0 izoh14

Ispaniya, Irlandiya va Sloveniya davlat telekanallari 11-may kuni shu haftada bo‘lib o‘tadigan 70 yillik “Yevrovideniye” qo‘shiqchilik tanlovini namoyish etmasligini ma’lum qildi. Ular Isroilning ushbu shouda ishtirok etishiga norozilik sifatida tanlovni boykot qilmoqda. Bu haqda France 24 xabar berdi.

Mazkur uchta davlat, shuningdek, Niderlandiya va Islandiya Vena shahrida o‘tadigan 2026-yilgi tanlovda ishtirok etishdan voz kechgan edi. Tanlov 12-may kuni boshlandi va 16-may kuni final bilan yakunlanadi.

Isroilning G‘azo sektoridagi urushi beshta davlatning dunyodagi eng yirik musiqiy tadbirdan chiqib ketishiga sabab bo‘ldi. “Yevrovideniye” direktori Martin Grin bu mamlakatlarni qaytarish uchun barcha choralarni ko‘rishga va’da berdi.

2025-yilda Shveysariyaning Bazel shahrida o‘tgan tanlovda Isroil foydasiga ovoz berish tizimi manipulyatsiya qilingani haqida shubhalar paydo bo‘lgan edi. Ayrim telekanallar media erkinligi borasida ham xavotir bildirgan. Chunki Isroil jurnalistlarning G‘azoga kirishiga to‘sqinlik qilib kelmoqda.

“ ‘Yevrovideniye’ sirki o‘rniga milliy telekanalimizda ‘Falastin ovozlari’ turkumidagi ko‘rsatuvlar namoyish etiladi”, deb bayonot berdi Sloveniyaning RTV kanali.

Irlandiyaning RTE kanali tanlov vaqtida boshqa ko‘ngilochar dasturlarni namoyish etadi. Xususan, 14-may kuni 1993-yilgi tanlovda g‘olib bo‘lgan irlandiyalik Niam Kavana ishtirokidagi dastur, final kuni esa mashhur “Ota Ted” komediyasining musiqiy qismi efirga uzatiladi.

Ispaniyaning RTVE kanali esa “Musiqa uyi” nomli maxsus dasturini taqdim etadi. Niderlandiya va Islandiya tanlovda ishtirok etmasa-da, uni efirga uzatishga qaror qilgan.

Ishtirokchilar soni kamaydi

Besh davlat chiqib ketishi oqibatida 2026-yilda tanlovda atigi 35 ta davlat qatnashmoqda. Bu 2004-yildan buyon eng past ko‘rsatkichdir.

Martin Grinning aytishicha, Isroilning KAN telekanaliga tomoshabinlarni “Isroil uchun 10 marta ovoz berishga” chaqiruvchi videolarni to‘xtatish haqida ogohlantirish yuborilgan. Bunday harakatlar musobaqa qoidalariga zid deb topilgan. Bu yil ovoz berish adolatli bo‘lishi uchun yarim finalga professional hakamlar hay’ati qaytarildi.

“Bu qo‘rqoqlik”

Amnesty International xalqaro inson huquqlari tashkiloti “Yevrovideniye” tashkilotchilarini keskin tanqid qildi. Tashkilot bosh kotibi Agnes Kallamarning aytishicha, 2022-yilda Rossiyani chetlatgan tashkilotning Isroilga nisbatan bunday qilmasligi “ikkiyoqlama standart va qo‘rqoqlik”dir.

“Isroilning ishtiroki mamlakatga G‘azodagi genotsiddan e’tiborni chalg‘itish va vaziyatni odatiy holdek ko‘rsatish uchun imkon beradi. Qo‘shiqlar va yaltiroq liboslar Falastin xalqining azob-uqubatlarini to‘sib qo‘ymasligi kerak”, dedi u.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar