Irlandiya, Ispaniya, Niderlandiya va Sloveniya 2026-yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Yevrovideniye” qo‘shiq tanlovini boykot qilishini ma’lum qildi. Bunga yahudiy davlatining tanlovda ishtirok etishiga ruxsat berilgani sabab bo‘ldi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Mamlakatlar G‘azodagi urush hamda Isroilga nisbatan adolatsiz ovoz berish bo‘yicha bildirilgan ayblovlar sababli bu davlatni tanlovdan chetlashtirishga chaqirmoqda. Xususan, Ispaniyaning RTVE teleradiokompaniyasi Jenevadagi yig‘ilishda bu masala bo‘yicha yashirin ovoz berishni o‘tkazishga chaqirgan yetakchi tashkilotlardan biri bo‘ldi. Kompaniya tashkilotchilar bu so‘rovni rad etganini bildirgan. RTVE’ning ta’kidlashicha, Isroilning tanlovda ishtirok etishi “festival tashkilotchilariga bo‘lgan ishonchsizlikni oshirdi”.
Ma’lumot uchun, Ispaniya Fransiya, Germaniya, Italiya va Buyuk Britaniya bilan birga “Yevrovideniye”ning “Katta beshlik” davlatlari qatoriga kiradi. Ushbu davlatlar tanlovga eng katta moliyaviy hissa qo‘shgani sababli, ularning ijrochilari to‘g‘ridan-to‘g‘ri finalga chiqadi.
Irlandiyaning RTE telekanali Isroilning ishtirokiga nisbatan o‘z pozitsiyasini quyidagicha ifodalagan:
“G‘azoda odamlar halok bo‘layotgani va ko‘plab tinch aholi hayotini xavf ostiga qo‘yishda davom etayotgan gumanitar inqirozni hisobga olsak, bizning ishtirokimiz munosib emas deb hisoblaymiz”.
Isroil prezidenti Isaak Gertsog esa o‘z mamlakatining tanlovda ishtirok etishga ruxsat berilganini yuqori baholagan U buni “birdamlik, birodarlik va hamkorlikning qadrlangani, Isroilni jim qilishga urinayotganlar va nafrat tarqatuvchilar ustidan qozonilgan g‘alaba” deb atagan.
“Tanlov madaniyat, she’riyat va xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni muqaddas biladigan musobaqa bo‘lib qolishiga umid qilaman”, degan Isaak Gertsog.








