Namangan shahrida kelgusida sotish maqsadida sanitariya qoidalariga zid ravishda saqlab kelingan 577 million so‘mdan ortiq qiymatdagi dori vositalari aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Aholi salomatligini muhofaza qilish yo‘nalishida DXX, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Bojxona qo‘mitasi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Tadbir davomida Namangan shahridagi uylardan biri xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan. Unda 1996-yilda tug‘ilgan fuqaro tomonidan sotish maqsadida sanitariya qoidalariga zid ravishda saqlab kelingan dori vositalari borligi aniqlangan.
Xususan, tegishli hujjatlari bo‘lmagan va sifati kafolatlanmagan 56 turdagi jami 13 184 dona dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan. Ular orasida “Sefotaksim”, “Bifidumbakterin”, “Atropin”, “Tidomet forte” kabi preparatlar ham bor.
Aniqlanishicha, mazkur dori vositalari qo‘shni respublika hududidan aylanma yo‘llar orqali olib kirilib, “yashirin ombor” sifatida foydalanilgan xonadonda saqlangan.
Baholash xulosasiga ko‘ra, olib qo‘yilgan dori vositalarining umumiy qiymati 577 million 381 ming so‘mni tashkil etgan.
Holat yuzasidan mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
DXX fuqarolarni shu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelganda 1520 qisqa raqamiga murojaat qilishga chaqirdi. Murojaat qilgan shaxsning ma’lumotlari sir saqlanishi kafolatlanadi.
2026-yil fevral oyida Toshkentdagi xonadonda sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan 3 milliard so‘mlik dori vositalari yashirin ombori tashkil qilingani aniqlanib, bu dorilar savdosi bilan shug‘ullanuvchilar faoliyatiga chek qo‘yilgani haqida xabar berilgandi.








