O‘zbekistonliklar uchun Yevropa Ittifoqi davlatlariga vizasiz rejim joriy etilishi murakkab masala. Bu haqda O‘zbekistonning Germaniyadagi elchisi Dilshod Ahatov “Daryo” muxbiriga bergan intervyusida maʼlum qildi.
“Bu og‘ir jarayon”
Dilshod Ahatov O‘zbekiston fuqarolari uchun Germaniyaga vizasiz kirish imkoniyati qachon yaratilishi haqidagi savolga javob berdi. Elchining aytishicha, bunday natijaga erishish uchun butun Yevropa Ittifoqiga aʼzo davlatlar roziligi kerak bo‘ladi.
“Yevropa Ittifoqiga aʼzo 27 ta mamlakat orasida Germaniya ham bor. Ittifoq hududida Shengen degan viza rejimi ham mavjud. O‘zbekiston aholisiga Germaniyaga vizasiz kirish imkoniyatini yaratish nafaqat Yevroittifoq, balki Shengen amal qiladigan Shveysariya, Norvegiya va boshqa davlatlar bilan kelishuv bo‘lishi kerak degani. Bu taxminan 30 dan ortiq mamlakat bilan vizasiz rejim joriy etilishi lozimligini anglatadi. Shuning uchun bu og‘ir masala”, dedi elchi.
Diplomat vaziyatni tushuntirar ekan, fuqarolar Germaniyaga kirgach, qolgan Yevropa davlatlari o‘rtasidagi chegaralar ham ochilishini taʼkidladi. Mamlakatlar orasida chegarachilar va chegara o‘tkazish punktlari yo‘q. Bir davlatdan boshqasiga o‘tish qulay bo‘lgani bois vizasiz rejim butun ittifoq doirasida joriy etilishi talab qilinadi.
“Kelajakda qadamma-qadam bu natijaga erishilishi mumkin. Lekin oldinda yechilishi kerak bo‘lgan ko‘p masalalar bor”, deydi elchi.
“Germaniya chet elliklarga muhtoj”
Dilshod Ahatov Germaniyada xorijlik ishchilarga ehtiyoj kattaligini aytdi. Yevropa davlatiga boruvchilardan nemis tilini bilish va kasbiga oid bilimga ega bo‘lish so‘raladi. Ishchi kuchiga talabning yuqori bo‘lishida demografik omil asosiy o‘rin tutmoqda.
“Germaniyada aholining o‘sishi juda sekin, yoshlarning tug‘ilishi kam. Masalan, bundan 20 yil oldin mamlakat aholisi taxminan 81 million nafar bo‘lgan. Hozir 82 million nafar atrofida. Yaʼni shuncha yil ichida atigi 1 millionga o‘sgan. Germaniyada qariyalar soni ko‘payib ketmoqda. Bitta ayolga taxminan 1,4 nafar bola to‘g‘ri keladi. Aholi o‘sishi uchun esa bu kamida ikkita bo‘lishi kerak. Shu sabab Germaniyada xorijlik ishchilarga talab juda ham katta”, dedi elchi.
“O‘zbekistonliklar ham ishga taklif qilinyapti”
Diplomat Germaniyada ishga taklif qilinayotgan O‘zbekiston fuqarolari soni ortib borayotganini aytdi. Elchining fikricha, bunda 2024-yilda sobiq kansler Olaf Shols O‘zbekistonga kelganda ikki hukumat o‘rtasida imzolangan bitim foyda bermoqda. Kelishuv migratsiya va mobillik to‘g‘risida bo‘lgan.
“Osiyo mamlakatlari ichida faqat ikkita davlat bunday natijaga erishgan. Ular Hindiston va O‘zbekiston. Dunyo bo‘yicha olganda esa Germaniya bilan bunday muhim bitim tuzgan faqat 5-6 davlat bor”, dedi Dilshod Ahatov.
Bitim qanday imtiyoz beradi?
Elchining aytishicha, bitim tufayli ko‘plab o‘zbekistonlik malakali mutaxassislarning Germaniyaga viza olish jarayoni osonlashgan. Masalan, 2025-yilda ikki mingdan ziyod yosh malakali mutaxassislar ushbu mamlakatga borib, ishlashni boshlagan.
“Germaniyada dual kasbiy taʼlim tizimi bor. Bu o‘qish jarayonida ishlash imkonini beradi. Deylik, yarim kun o‘qisa, yarim kun ishlash mumkin. Yoki uch kun o‘qish, ikki kun ish. Mutaxassis biror korxonaga biriktiriladi. Bunday natijaga erishish uchun birinchi navbatda nemis tilini bilish kerak. Kamida B2 darajali til sertifikati talab qilinadi. Til bilgan yoshlarni germaniyaliklar olib ketib, kasb-hunarga o‘qityapti. Masalan, 20 yoshli o‘zbekistonlik yigit-qizlar Germaniyaga borib dual taʼlim bo‘yicha tahsil olmoqda. Ishlagani uchun oylik ham to‘lanyapti. Yana bir tomoni o‘qishini bitirgandan keyin to‘liq ishga jalb qilinadi. Yaʼni o‘zi o‘qigan mutaxassisligi bo‘yicha to‘liq ish beriladi. Ish haqi baland bo‘ladi. Misol uchun, 4-5 ming yevro oylik olish mumkin”, dedi diplomat.
Dilshod Ahatovning maʼlum qilishicha, Germaniyada 15 mingdan ziyod o‘zbekistonlik yashamoqda. Ularning ko‘pchiligi taʼlim olish maqsadida borgan.








