Indoneziyaning markaziy qismidagi Sharqiy Yava provinsiyasida bir sutka ichida 11 marta Semeru vulqoni otilishi qayd etildi. Bu haqda “TASS” xabar berdi.

Vulqon otilishi natijasida hosil bo‘lgan kul ustuni vulqon krateridan 1200 metr yoki dengiz sathidan 4876 metr balandlikka yetgan. Mahalliy aholi va sayyohlarga vulqondan 8 kilometr janubi-sharqda kraterga yaqinlashmaslik tavsiya qilingan. Shuningdek, qizigan toshlar otilib chiqishi xavfi tufayli 3 kilometr radiusda bo‘lish taqiqlangan.
Semeru Indoneziyadagi balandligi bo‘yicha to‘rtinchi vulqon (dengiz sathidan 3,676 mete) va Yava orolidagi eng baland cho‘qqidir. 2021-yil 5-dekabr kuni Semeru otilishi oqibatida 50 kishi halok bo‘lgan edi.
Dunyodagi eng yirik Indoneziya arxipelagi 18 ming oroldan iborat. U Tinch okeanining “Olov halqasi”da joylashgan, shuning uchun mintaqada kuchli seysmik faollik kuzatiladi. Indoneziyada jami 500 dan ortiq vulqon mavjud bo‘lib, ulardan 130 ga yaqini harakatdagi vulqonlardir.
Izoh (0)