Hukumatning tegishli qaroriga asosan endilikda chet tili birinchi fan boʻlgan yoʻnalishlarga B1 daraja ham imtiyoz beradi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.
Qayd etilishicha, fanlar majmuasida chet tili birinchi fan sifatida belgilangan taʼlim yoʻnalishlariga qabul xorijiy tilni bilish boʻyicha kamida B1 darajadagi milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikat asosida amalga oshiriladi.
Fanlar majmuasida chet tili boʻlganlar qabulda:
- B1 darajadagi milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikatga ega abituriyentlarga ushbu fandan belgilangan maksimal ballning 75 foizi miqdorida ball;
- B2 va undan yuqori darajadagi milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikatga ega abituriyentlarga esa ushbu fandan maksimal ball beriladi.
Ilgari mazkur yoʻnalishlarga qabul kamida B2 darajasidagi milliy yoki xalqaro sertifikat asosida amalga oshirilgan.
Avvalroq Oʻzbekistonda ayrim toifadagi talabalarning yotoqxona xarajatlarini davlat qoplab berilishi xabar qilingandi.
“Ijtimoiy reyestr”ga kiritilgan oilalarning kunduzgi taʼlim shaklida tahsil olayotgan farzandlari TTJga ustuvorlik asosida navbatsiz qabul qilinadi. Agar davlat yotoqxonasi boʻlmasa, ular davlat-xususiy sheriklik asosida qurilgan turar joylarga joylashtirilishi mumkin.
Mamlakatda musiqa va jismoniy tarbiya o‘qituvchilariga sertifikat berish tartibi ham tasdiqlangan. Sertifikatlar Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan 3 yil muddatga elektron shaklda beriladi.








