Daryo

Shavkat Mirziyoyev Turkiya Buyuk millat majlisi raisi bilan uchrashuv o‘tkazdi

Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi parlamentlararo hamkorlik istiqbollari ham muhokama qilindi

1 daqiqa o‘qish5 230 ko‘rishlar0 izoh0

Shavkat Mirziyoyev 22-may kuni O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelgan Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi raisi Numan Kurtulmush boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Uchrashuv avvalida Turkiya parlamenti raisi davlatimiz rahbariga prezident Rajab Toyyib Erdog‘onning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘zbekiston-Turkiya keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi yuksak bosqichi, barcha darajada faol muloqot va almashinuvlar davom etayotgani mamnuniyat bilan taʼkidlandi.

O‘zaro tovar ayirboshlash va investitsiya ko‘rsatkichlari o‘smoqda, qo‘shma loyihalar va korxonalar, aviaqatnovlar soni ortib bormoqda. Ikki mamlakatda qo‘shma madaniy tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston va Turkiya qonun chiqaruvchi organlari o‘rtasida samarali aloqalar yo‘lga qo‘yilgan.

Parlamentlararo aloqalarni yanada rivojlantirish, O‘zbekiston-Turkiya hamkorligi kun tartibini shakllantirishda va oliy darajadagi kelishuvlar ijrosi ustidan nazoratni taʼminlashda do‘stlik guruhlari va tegishli qo‘mitalarning faol ishtiroki muhim ekani taʼkidlandi.

Investitsiya dasturlarini ilgari surish, turizm, ishbilarmonlik va taʼlim almashinuvlarini rag‘batlantirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Xalqaro tuzilmalar, xususan, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi parlamentlararo hamkorlik istiqbollari ham muhokama qilindi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar