Daryo

O‘zbekistonda charm-poyabzal sanoati klasterlari tashkil qilinadi

Xorijiy brendlarni jalb qilgan poyabzal ishlab chiqaruvchi korxonalar xarajatining 30 ming dollargacha bo‘lgan qismi qoplab beriladi

1 daqiqa o‘qish5 182 ko‘rishlar0 izoh0

“Charm-poyabzal, ipakchilik va gilamchilik tarmoqlarini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Telegram’dagi “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Qarorga ko‘ra, Sharof Rashidov tumanida, shuningdek, Ohangaron tumanida tashkil etilgan charm-poyabzal kichik sanoat zonasi hududini kengaytirish orqali, charmni chuqur qayta ishlash va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan charm-poyabzal sanoati klasterlari tashkil qilinadi.

Sanoat zonalari hududida quriladigan ishlab chiqarish bino-inshootlari tadbirkorlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri 7 yilgacha muddatga bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan yoki ijara asosida beriladi.

Poyabzal va charm-attorlik mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun asbob-uskunalarni xarid qilish maqsadida xorijiy valyutada ajratiladigan kreditlarning 3 million dollardan ortiq bo‘lmagan qismi bo‘yicha foiz xarajatlarining 6 foiz banddan yuqori qismi, biroq 5 foizdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan kompensatsiya qilib beriladi.

Xorijiy brendlarni jalb qilgan poyabzal va charm-attorlik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarga “sorsing” kompaniyalari uchun sarflangan xarajatning 30 ming dollargacha qismi qoplab beriladi.

Sanoat zonalarida tashkil etiladigan korxonalar mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqdan ozod etiladi.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yil oktyabr oyida prezident qarori bilan charm-poyabzal va mo‘ynachilik sohasida eksport qiluvchi korxonalarni yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekistonning bojxona chegarasi orqali mayda shoxli molning yarim tayyor charmini olib chiqishda 2025-yil 1-yanvarga qadar yig‘im undirilmasligi belgilangan.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar