Toshkent shahridagi mashhur “Moviy gumbazlar” (“Голубые купола”) kafesida olib borilayotgan noqonuniy taʼmirlash ishlari toʻxtatildi. Bu haqda Madaniy meros agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Elmurod Najimov “Daryo”ga maʼlum qildi.
20-iyul kuni soat 22:00 da ijtimoiy tarmoqlarda “Moviy gumbazlar” binosining gumbaz qismidagi tarixiy mozaikalar drel (parma) yordamida koʻchirib tashlanayotgani aks etgan videolar tarqaldi. Obyektning tom qismida agentlik ruxsatisiz ta’mirlash ishlari bajarilayotgani aniqlangan.
Madaniy meros agentligi rahbariyati zudlik bilan voqea joyiga yetib borgan va noqonuniy ishlarni bajarayotgan ustalarni toʻxtatgan.
“Ishchilar restavrator emas, oddiy ustalar edi. Xususiy mulk boʻlgani uchun ularga ishni toʻxtatish boʻyicha ogohlantirish berdik. Bino madaniy meros obyekti roʻyxatiga kiritilganini tushuntirdik va ishni joyida toʻxtatdik. Binoga zarar yetkazilgani koʻrinib turibdi. Ammo yetkazilgan zarar miqdorini aniqlashimiz uchun biznes ombudsman tomonidan tekshiruvga ruxsat berilishini kutyapmiz”, deydi Elmurod Najimov.
Bino oʻzining asl holatiga qaytariladi
21-iyul kuni ertalab agentlik vakillari bino arxitekturasining 93 yoshli muallifi, arxitektor Vil Muratov bilan birga obyektni qayta koʻzdan kechirgan.
Ishchi guruh mahalliy va xorijiy restavratorlarni jalb qilgan holda binoni asl holatiga qaytarish boʻyicha yangi loyiha ishlab chiqadigan boʻlgan.
“Moviy gumbazlar” nega muhim?
Elmurod Najimovning taʼkidlashicha, “Moviy gumbazlar” sovet modernizm uslubidagi noyob meʼmoriy obyektlardan biridir. Bino poytaxt qiyofasida alohida oʻrin tutadi. Oʻzbekistonda bu kabi uslubda qurilgan binolar juda kam.
“Mazkur obyekt yaqin kunlarda YUNESKO umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilishi rejalashtirilgan. Hozir bino Oʻzbekiston madaniy merosi obyekti hisoblansa, yaqinda umumjahon meros darajasiga koʻtariladi”, dedi agentlik masʼuli.








