Nyu Yorkning Comex tovar birjasida oltin narxi tarixda ilk bor bir troya unsiya(taxminan 31,1 gramm) uchun 4000 dollardan oshdi.
Ertalabki savdolarda dekabr fyuchersi 4000,1 dollargacha ko‘tarilib, 0,35 foizlik o‘sishni ko‘rsatdi. Biroq Toshkent vaqti bilan 05:54 da narx 3987,4 dollargacha pasaydi. Ammo baribir rekord darajaga yaqin bo‘lib qoldi. Bundan avvalgi rekord 6-oktyabr kuni qayd etildi. O‘shanda oltin narxi 3949 dollardan oshdi.
O‘tgan hafta boshida bir unsiya oltin qiymati tarixiy maksimumni uch marta yangiladi. Besh ish kunida narx 3 ming 757 dollardan 3 ming 885 dollargacha ko‘tarildi, ya’ni deyarli 130 dollarga yoki 3 foizdan ortiqqa oshdi.
Narx nega oshmoqda?
Oltin narxi asosan 1-oktyabrda boshlangan shatdaun — AQSH hukumati ishini to‘xtatishi tufayli ko‘tarilmoqda. Bunga Senat tomonidan demokratlar va respublikachilar taqdim etgan federal byudjet bo‘yicha takliflardan hech biri qabul qilinmagani sabab boʻldi.
Natijada davlatning ko‘plab idoralari faoliyati vaqtincha to‘xtab qoldi. Masalan, 3-oktyabr kuni mehnat bozori haqida e’lon qilinishi kerak bo‘lgan hisobot chop etilmadi. Bu holat investorlarni xavotirga solib, ularni mablag‘larini iqtisodiyotning turli sohalariga kiritish o‘rniga “xavfsiz boshpana” hisoblangan oltinda saqlashni afzal koʻrdi.
Oltin narxi shatdaungacha ham oshgandi
Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil boshidan buyon bir unsiya oltin narxi deyarli 50 foizga oshgan. Taqqoslash uchun, 1-yanvarda u 2,623 ming dollarni tashkil qilgan. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, oltin narxi “prezident Donald Tramp keltirib chiqargan jiddiy iqtisodiy va geosiyosiy noaniqlik fonida” ko‘tarilmoqda.
Yana bir sabab sifatida AQSH Federal zaxira tizimining (FRS) sentabr oyida foiz stavkasini so‘nggi to‘qqiz oy ichida ilk bor pasaytirgani keltirilmoqda. Stavka 25 baza punktga, 4,25-4,5% dan 4-4,25% gacha pasaytirildi.
2026-yilgi prognoz
Deutsche Bank ekspertlari kelgusi yilda bir unsiya oltin narxi 4 ming dollardan oshishi mumkinligini prognoz qilgan. Reuters’ning yozishicha, sabablar orasida markaziy banklar tomonidan yuqori talab, dollarning ehtimoliy zaiflashishi va Federal zaxira stavkasining pasayishda davom etishi bor.








