Daryo

O‘zbekistonda bond omborlarini tashkil etish tartibi belgilandi

Bu omborlarda tovarlar soddalashtirilgan bojxona rasmiylashtiruvi asosida realizatsiya qilinadi hamda ayrim nazorat turlari qo‘llanilmaydi.

1 daqiqa o‘qish3 206 ko‘rishlar0 izoh0

O‘zbekistonda elektron tijoratni rivojlantirish doirasida yangi turdagi ombor — bond omborlarini joriy etish tartibi belgilandi. Bu bo‘yicha 13-aprel kuni prezidentning tegishli qarori imzolandi.

Hujjatga ko‘ra, 2026-yil 1-iyuldan 2028-yil 1-iyulgacha huquqiy eksperiment tariqasida rezident va norezidentlar tomonidan jismoniy shaxslarning shaxsiy ehtiyojlari uchun mo‘ljallangan tovarlarni maxsus elektron savdo platformalari orqali chakana sotish maqsadida ularni vaqtincha saqlashga mo‘ljallangan yangi turdagi erkin ombor — bond omborlari tashkil etiladi.

Qarorga muvofiq, bond omborlari erkin ombor faoliyatini litsenziyalash tartibi asosida tashkil etiladi. Bunday omborlardagi tovarlarni sotish esa Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan yuritiladigan maxsus elektron savdo platformalari reyestriga kiritilgan platformalar orqali amalga oshiriladi. Omborlarga tovarlar erkin ombor bojxona rejimi asosida joylashtiriladi hamda ularni jismoniy shaxslarning shaxsiy ehtiyojlari uchun chakana sotishga ruxsat beriladi.

Shuningdek, bond omborlaridan sotiladigan tovarlar jo‘natmalar deklaratsiyasi asosida bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkaziladi. Bunda mazkur tartib bo‘yicha jismoniy shaxslarga chiqarilayotgan tovarlarga nisbatan muvofiqlikni baholash, sanitariya va veterinariya nazorati choralarini qo‘llamaslik ko‘zda tutilgan.

Shavkat Mirziyoyev 9-aprel kuni elektron tijoratni rivojlantirish va bond omborlari faoliyatini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishgandi. Ushbu yig‘ilishda O‘zbekistonda bond omborlarini tashkil etish masalasi ilgari surilgan.

Davlat rahbari mutasaddilarga elektron tijoratni iqtisodiyotning muhim drayverlaridan biriga aylantirish, ushbu sohada zamonaviy infratuzilmani yaratish hamda raqamli platformalar faoliyati uchun qulay va shaffof muhitni shakllantirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar bergan.

Navoiydanman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining Internet jurnalistika yoʻnalishini tamomlaganman. “Daryo”da 2026-yildan buyon Mahalliy xabarlar boʻlimida muharrir sifatida faoliyat yuritib, yangiliklar va jamlanmalar yozaman. Zemekisning “Forrest Gamp” filmini 20 martadan koʻproq tomosha qilganman. Kafkaning “Qalʼa” romanini qayta-qayta oʻqiyman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar