Eron va Iroqda mamlakatning marhum oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy bilan vidolashuv marosimlari 4–9-iyul kunlari o‘tkaziladi. “Dunyo” axborot agentligiga ko‘ra, 3-iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov boshchiligidagi delegatsiya Eronga borib, motam marosimlarida qatnashadi.
Eronning Tasnim axborot agentligi xabariga ko‘ra, vidolashuv marosimlarida 30 dan ortiq davlat hamda 90 dan ziyod mamlakatning diniy peshvolari ishtirok etishi kutilmoqda. Bu haqda Eron ichki ishlar vaziri o‘rinbosari va motam tadbirlarini tashkil etish shtabi rahbari Ali Akbar Purjamshidiyon ma’lum qilgan.
Eron Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Ismoil Bog‘oiy ham marosimlarda mintaqa va boshqa davlatlarning rasmiy delegatsiyalari ishtirok etishini tasdiqlagan.
Rasmiy vidolashuv marosimlari 4-iyul kuni Tehrondagi “Mosalla” majmuasida boshlanadi. 5-iyul kuni shu yerda janoza namozi o‘qiladi va poytaxtda ommaviy motam yurishi tashkil etiladi. Keyingi tadbirlar Qum va Mashhad shaharlarida, shuningdek, Iroqning Najaf va Karbalo shaharlarida davom etadi. Dafn marosimi 9-iyul kuni Mashhadda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Eron tomoni motam tadbirlarida millionlab odam ishtirok etishi mumkinligini bildirmoqda. Shu munosabat bilan mamlakat ichida va xorijda marosimlarni muvofiqlashtirish uchun maxsus shtablar tashkil etilgan.
Ali Xomanaiy 2026-yil 28-fevral kuni AQSH va Isroilning Eronga bergan ilk zarbalari oqibatida vafot etgan. Rasmiy vidolashuv marosimlari esa mintaqadagi vaziyatning nisbatan barqarorlashuvi va o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha erishilgan kelishuvlardan so‘ng tashkil etilmoqda.








