Oʻzbekiston pensiya tizimida oʻzgarishlar amalga oshiriladi. 14-iyul kuni bu bo‘yicha qator takliflar prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdimot qilindi.
Prezident matbuot xizmati xabariga koʻra, taqdimotda jamgʻarib boriladigan, xususiy va korporativ pensiya tizimlari rivojlantirilishi aytilgan.
Hozirda fuqarolar ish haqining 0,1 foizi jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaragʻiga oʻtkaziladi. Shundan hisoblanadigan yillik 10 foizlik daromad bank omonatlaridan ikki barobar kam. Taqdimotda mazkur tizim jozibadorligini oshirish va jarayonda aholini faol ishtirok etishga ragʻbatlantirish boʻyicha yangi mexanizmlar taklif qilingan.
“Xususan, oylik ish haqi 7,6 million soʻmgacha (pensiya hisoblash bazaviy miqdorining 15 baravari) boʻlgan fuqaro jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaragʻiga ish haqining 5 foizini oʻtkazsa, davlat tomonidan qoʻshimcha yana 2,5 foiz miqdorida mablagʻ ajratish koʻzda tutilmoqda. Oylik ish haqi 7,6 million soʻmdan yuqori boʻlgan fuqarolar uchun esa toʻlangan ijtimoiy soliqning shu miqdordan oshgan qismining 1 foizini ularning jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaragʻiga oʻtkazish taklif etildi”, deyiladi Prezident matbuot xizmati xabarida.
Oxirgi 10 yilda respublikada pensiya miqdori 3,3 barobar oshirilgan. Bunda eng kam miqdor minimal isteʼmol xarajatlari darajasidan yuqori belgilangan. 2021-yilgacha 1,1 million nafar fuqaroning pensiyasi 400 ming soʻmdan kam boʻlgan. Bugungi kunda eng kam pensiya miqdori 878 ming soʻmni, minimal isteʼmol xarajatlari esa 715 ming soʻmni tashkil etmoqda.
Taqdimotda pensiya miqdorini hisoblash tartibini takomillashtirish masalalariga ham eʼtibor qaratilgan. Amalda pensiya oxirgi oʻn yillik mehnat faoliyatidagi besh yillik ish haqidan hisoblanadi. Shuningdek, ish haqining 6 million soʻmdan yuqori qismi hisobga olinmaydi. Bu ayrim hollarda fuqarolar pensiyasining oʻrtacha miqdori pasayishiga olib kelmoqda.
“Shu bois, pensiya hisoblanadigan ish haqi davrini 5 yildan 20 yilgacha uzaytirish hamda past daromad olingan ayrim davrlarni hisobdan chiqarish taklif qilindi. Shuningdek, 2027-yildan boshlab pensiya hisoblashda inobatga olinadigan ish haqining yuqori chegarasini hozirgi 6 million soʻmdan 6,6 million soʻmga oshirish koʻzda tutilmoqda. Hisob-kitoblarga koʻra, yangi tartib asosida pensiyaga chiqadigan fuqarolarning pensiya miqdori hozirgiga nisbatan 8 foizga oshirishi mumkin”, deya qayd etilgan taqdimotda.
Davlat rahbari pensiya tizimidagi oʻzgarishlar millionlab fuqarolar hayoti va kelajagiga daxldor ekanini taʼkidlagan. Har bir taklifning ijtimoiy va iqtisodiy taʼsirini puxta hisob-kitob qilish zarurligi koʻrsatib oʻtilgan.








