Daryo

“Biz bunday oʻzidan ketib qolgan rahbarni aslo kechirmaymiz” — Zokirjon Almatov Furqat tumani IIB boshligʻi haqida

Ichki ishlar vaziri maslahatchisi ayolni yechintirib, ariza yozishga majburlagan IIB xodimlarini qattiq tanqid qildi. Odam boʻlmaydiganlarga qonun boʻyicha jazo berilishini aytdi.

3 daqiqa o‘qish5 456 ko‘rishlar0 izoh10

Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Zokirjon Almatov Fargʻona viloyati Furqat tumani IIB xodimlari tomonidan maktab direktorining tahqirlanish holatiga munosabat bildirdi. 

Zamon.uz tarqatgan videoda vazir maslahatchisi xodimlar jahlni jilovlashni bilishi kerakligiga urgʻu bergan.

“Bu oʻta ketgan vahshiylikka borish. U rahbar qaysidir yoʻllar bilan amalga oʻtirib qolgan deb oʻylayman. Nimaga desa, qanday boʻlgan sharoitda ham ichki ishlar idorasining xodimi oʻzini ushlashni bilishi kerak. Biz bunaqa oʻzidan ketib qolgan rahbarlarni aslo kechirmaymiz”, degan vazir maslahatchisi.

Zokirjon Almatov soʻzi davomida ichki ishlar xodimi odamlarni tinglashni bilishi kerakligini aytgan.

“Insonlarga nisbatan mehr-muhabbat degan narsa hammamizda boʻlishi shart. Siz bilan biz faqat qamash uchun yaratilmaganmiz. Tarbiyalash masalasida, insonlarga gʻamxoʻrlik qilish, ularga yordam berish uchun ichki ishlar idoralari xodimlari bor. Shu narsa hech qachon esimizdan chiqmasin. Lekin inson boʻlmaydiganga, odam boʻlmaydiganga yarasha qonun boʻyicha jazosini berishimiz shart. Shuning uchun bizda har xil odamlar ham boʻlgan. Hozir ham uchrab turadi bitta-yarimtasi”, deya fikr bildirgan IIV masʼuli.

Voqea haqida qisqacha

2025-yil 17-aprel kuni Fargʻona viloyati Furqat tumanida maktab direktori Guliraʼno Qosimova IIB xodimlari tomonidan yechintirilib, kaltaklangan. Bu haqda ayol “Kun.uz”ga bergan intervyusida maʼlum qilgan.

Manbaga koʻra, tuman ichki ishlar va soliq boshliqlari oʻrtasida adovat boʻlgan. Soliqchidan oʻch olish payida yurgan IIB xodimi ayol uning uyiga borgan paytdan foydalangan. Yaʼni Guliraʼno Qosimova erining operatsiyasi uchun qarz soʻrab, tanishi, tuman soliq inspeksiyasi boshligʻi oldiga boradi. Keyin ichki ishlar xodimlari uyga birdaniga bostirib kiradi. Soliq boshligʻi va maktab direktorini yechintirib, kaltaklashga tushishadi. Intervyuda aytilishicha, IIB xodimlari ayolning yalangʻoch holatini telefon kamerasiga tasvirga olib, undan erkak jinsiy aloqa qilishga majburlagani haqida ariza yozib berishni talab qiladi.

Ayol tuhmatni inkor etib, ariza yozmaydi. Keyin unga turli bosimlar oʻtkaziladi, hatto turmush oʻrtogʻiga “xotiningni boshqasi bilan ushlab oldik”, deb aytishgacha borishadi. Manba ichki ishlar rahbari soliq boshligʻini ishdan ketkazish maqsadida mazkur “qoʻlga olish” tadbirini uyushtirganini qayd etgan.

Intervyuda ayol voqea sabab ruhiy tushkunlikka tushib, oʻz joniga qasd qilishga uringani, ammo omon qolib, voqeani jamoatchilikka oshkor etganini aytgan. Natijada IIB boshligʻi egallab turgan lavozimidan ozod etilgan. Unga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilgan. Ammo uning sherigi hisoblanayotgan oʻrinbosari, ayolni tahqirlagan tezkor xodimlar hali ham oʻz lavozimlarida ishlayotgani aytilmoqda. Guliraʼno Qosimovaning taʼkidlashicha, sobiq IIB boshligʻi oʻrinbosari boʻlgan ishlarni bosdi-bosdi qilish uchun ayolga tanishlari orqali 50 ming dollargacha pul taklif qilgan.

Guliraʼno uni tahqirlab, doʻpposlagan, “operatsiya”da qatnashgan barcha xodimlarga qonun doirasida qatʼiy chora koʻrilishini istashini bildirgan. Holat boʻyicha prokuratura tomonidan tergov harakatlari oʻtkazilib, sobiq IIB boshligʻi va masʼul shaxslar boʻyicha ayblov ishi mazmunan koʻrish uchun sudga yuborilgan.

Holat nazoratga olingan

Oliy sud matbuot xizmati sobiq Furqat tuman IIB boshligʻi va uning birinchi oʻrinbosariga oid jinoyat ishi Quva tuman sudida koʻrib chiqilayotganini maʼlum qildi.

Senat holat boʻyicha Ichki ishlar vazirligi hamda boshqa huquqni muhofaza qilish organlar tomonidan qonuniy qaror qabul qilishi parlament nazoratiga olinganini bildirdi. Shu bilan birga, Fargʻona viloyati IIB ham yuqoridagi holat nazoratga olinganini ochiqladi.

Farg‘onadanman. Oʻzbekiston Milliy universitetini tamomlaganman. “Daryo”da 2022-yildan beri muxbirman. Iqtisodiy-siyosiy voqealarni yoritib boraman. Yoqtirgan kinolarimdan biri — “Shoushenkdan qochish”. Oxirgi o‘qilgan kitoblardan iqtisodchi olimlar Daron Ajemo‘g‘li va Jeyms Robinson hammuallifligidagi “Mamlakatlar tanazzuli sabablari…” kitobi yoqdi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar