UzAuto Motors 13-oktyabr kuni Damas va Cobalt avtomobillari yangilangan versiyasi ishlab chiqarilishini e’lon qildi.
Kompaniyaga ko‘ra, Damas miniveni yangi versiyasi o‘lchamlari kattalashgani, yuk ko‘tarish qobiliyati va sig‘imning oshgani, shuningdek haydovchi hamda yo‘lovchilar qulayligining sezilarli darajada yaxshilangani bilan farqlanadi.
Model Damas Move yo‘lovchi versiyasida va Damas Max yuk-yo‘lovchi versiyasida mavjud bo‘ladi. Yangi model ayni paytdagi joriy Damas versiyasi bilan bir vaqtda ishlab chiqariladi.
Cobalt’ning yangilangan versiyasida ilgari mavjud bo‘lmagan 12 ta yangi opsiya bilan jihozlanishini ma’lum qildi. Modernizatsiya jarayonida avtomobilning dvigateli yangilangan, ABS tizimi takomillashtirilgan, shuningdek, dvigatel va uning tizimlarini boshqaruvchi yangi blok o‘rnatilgan.
Chevrolet Cobalt’ning hozirda mavjud komplektatsiyalariga qo‘shimcha ravishda ikkita yangi Cobalt Style MCM va Cobalt Midnight MCM versiyalari taqdim etiladi. Ularning har biri kengaytirilgan opsiyalar to‘plami, zamonaviy texnologiyalar, yaxshilangan komfort va yuqori xavfsizlik darajasi bilan ajralib turadi.
Yangi modifikatsiyalar O‘zbekiston, Qozog‘iston va boshqa eksport bozorlaridagi Cobalt egalari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga asoslanib ishlab chiqildi. O‘zbekiston va xorijdagi respondentlarning 90 foizdan ortig‘i avtomobilni zavod bosqichidanoq zamonaviy funksiyalar va kengaytirilgan komplektatsiyalar bilan ta’minlash zarurligini bildirgan. Natijada yangilangan Cobalt ilgari mavjud bo‘lmagan 12 ta yangi opsiya bilan jihozlandi. Jami 50 dan ortiq asosiy avtomobil komponentlari yangilandi.
Cobalt modelini rivojlantirishning keyingi bosqichi esa avtomobilning tashqi ko‘rinishini (feyslift) o‘zgartirish bo‘lib, UzAutoMotors mutaxassislari bu yo‘nalishda ishlarni boshlagan.
Damas
yangilangan versiyasi haqida
Shavkat Mirziyoyev 2-may kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Xorazm viloyati Tuproqqal’a tumanida hozirda Damas va Labo ishlab chiqarilayotgan zavodda yangi rusumdagi avtomobil ishlab chiqarilishini aytgandi. “Bozorda katta talabga ega arzon avtomobil ishlab chiqarish boshlanadi”, degan edi davlat rahbari. Avtomobil Yevro-5 ekologik standartiga javob beradi, 7 o‘rindiqqa ega bo‘ladi.
May oyida ijtimoiy tarmoqlarda Chevrolet N400 suratlari tarqalib, O‘zbekistonda yangi ishlab chiqariladigan Damas shunday ko‘rinishda bo‘lishi aytilgandi. “O‘zavtosanoat” “Daryo” so‘roviga ko‘ra bu masalada izoh berib, yangi model maqsadli iste’molchilarning istak va ehtiyojlarini inobatga olgan holda tanlanishini bildirgandi.
Texnik xususiyatlarning mahalliy foydalanish sharoitlariga mosligi, ishonchliligi va qulayligi bo‘yicha potensial avtomobil modellari o‘rganilayotgani, bu mezonlarga javob beradigan model aniqlanib, tasdiqlangach, ushbu model O‘zbekistonda ishlab chiqarilishi haqidagi ma’lumotlar rasmiy axborot manbalarida e’lon qilinishi ma’lum qilingandi.
Chevrolet N400 Ekvadorda ommalashgan yo‘lovchi tashish modeli bo‘lib, u 640 kg yuk ko‘tarish qobiliyatiga ega va 7 tagacha yo‘lovchini tashishi mumkin.
O‘zbekistonda Damas 1996-yilning mart oyidan Andijon viloyati Asaka tumanidagi avtomobil zavodida ishlab chiqarila boshlagan. 2006-yildan korxona uning yangilangan versiyasini ishlab chiqardi, 2014-yildan esa ishlab chiqarish Xorazm viloyatiga ko‘chirildi. O‘zbekistonda 2024-yilda 101,9 ming donadan ortiq Damas ishlab chiqarilgan bo‘lib, bu 2023-yilga (89,1 ming) nisbatan 14,3 foizga ko‘pdir.








