Daryo

O‘zbekistonning Tashqi siyosat konsepsiyasi yangilanadi

Shavkat Mirziyoyev yangi hujjat milliy manfaatlarni yanada samarali himoya qilish va tashqi siyosatni aniq natijalarga yo‘naltirishga xizmat qilishini ta’kidladi. Shuningdek, elchixonalarga qo‘shimcha mablag‘ ajratish va diplomatlar mehnatini rag‘batlantirish choralari belgilandi.

2 daqiqa o‘qish4 652 ko‘rishlar0 izoh1

Jahondagi geosiyosiy o‘zgarishlar va global iqtisodiy jarayonlar fonida O‘zbekiston tashqi siyosatini zamon talablariga mos ravishda yangilash zarurligi ta’kidlandi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev rahbarligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda olib borilgan ochiq, pragmatik va muvozanatli tashqi siyosat natijasida O‘zbekistonning xalqaro maydondagi o‘rni va nufuzi sezilarli darajada oshdi. Shu bilan birga, global xavfsizlik arxitekturasidagi o‘zgarishlar, yangi iqtisodiy ittifoqlar, savdo yo‘nalishlari, texnologiyalar hamda energiya bozorlaridagi transformatsiyalar tashqi siyosatdan yanada faol, aniq maqsadli va natijaga yo‘naltirilgan yondashuvni talab etayotgani ta’kidlandi.

Shu munosabat bilan O‘zbekistonning Tashqi siyosat faoliyati konsepsiyasini yangilash, uning ustuvor yo‘nalishlarini qayta ko‘rib chiqish hamda milliy manfaatlarni xalqaro maydonda yanada samarali himoya qilishga qaratilgan aniq vazifalarni belgilab olish zarurligi qayd etildi. Prezidentga ko‘ra, yangi konsepsiya mamlakatning uzoq muddatli strategik maqsadlari, ichki islohotlar mantig‘i va tashqi siyosatdagi ustuvor yo‘nalishlarni yagona va uzviy tizim sifatida aks ettirishi lozim.

Xususan, hujjatda iqtisodiy diplomatiya, xavfsizlik, investitsiya va eksportni rivojlantirish, transport-logistika yo‘nalishlari, suv va iqlim masalalaridagi milliy manfaatlar o‘zaro bog‘liq holda belgilanishi kerakligi ta’kidlandi. Davlat rahbari tashqi siyosatning amaliy natijalarga xizmat qilishi, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishga bevosita hissa qo‘shishi muhimligini alohida urg‘uladi.

Ishlarni samarali tashkil etish maqsadida elchixonalarning har biriga yiliga qo‘shimcha 100–200 ming dollar miqdorida mablag‘ ajratilishi belgilandi. Shuningdek, diplomatlar mehnatini munosib e’tirof etish uchun “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan diplomat” faxriy unvonini ta’sis etish taklif etildi. Bu tashabbuslar tashqi siyosatni yangi bosqichga olib chiqish va diplomatik faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgani qayd etildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Mudofaa doktrinasi va Milliy xavfsizlik konsepsiyasi qayta ko‘rib chiqiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligida 13-yanvar kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilingandi. Davlat rahbari sakkiz yil oldin qabul qilingan Mudofaa doktrinasi hamda 1997-yilda qabul qilingan Milliy xavfsizlik konsepsiyasini qayta ko‘rib chiqish vaqti kelganini ko‘rsatib o‘tgan.

Yangi Mudofaa doktrinasi mamlakatni hech qaysi harbiy blogga qo‘shilmaslik maqomini saqlab qolishini, ko‘p tomonlama diplomatiyaga tayanishda davom etishini, yuqori texnologiyalarga asoslangan strategiya, harbiy mustaqillik va mintaqaviy barqarorlik yo‘nalishida rivojlanishini ta’minlashi lozimligi ta’kidlangan.

Navoiydanman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining Internet jurnalistika yoʻnalishini tamomlaganman. “Daryo”da 2026-yildan buyon Mahalliy xabarlar boʻlimida muharrir sifatida faoliyat yuritib, yangiliklar va jamlanmalar yozaman. Zemekisning “Forrest Gamp” filmini 20 martadan koʻproq tomosha qilganman. Kafkaning “Qalʼa” romanini qayta-qayta oʻqiyman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar