Angliyaning “Manchester Yunayted” klubi rasmiy sayti Maykl Kerrik jamoaning joriy mavsum yakuniga qadar bosh murabbiyi etib tayinlanganini e’lon qildi.
Yangi bosh murabbiy Maykl Kerrik tayinlovdan so‘ng klub matbuot xizmatiga intervyu berdi.
“‘Manchester Yunayted’ni boshqarish men uchun katta sharaf. Bu yerda muvaffaqiyatga erishish uchun nimalar talab etilishini yaxshi bilaman. Hozirda asosiy e’tiborim futbolchilarga ushbu buyuk klubdan kutiladigan darajaga yetishlariga yordam berishga qaratilgan. Biz ushbu jamoa buni amalga oshirishga to‘liq qodir ekanini bilamiz. Avval ham bir qator futbolchilar bilan birga ishlaganman, albatta, so‘nggi yillarda jamoaning o‘yinlarini diqqat bilan kuzatib bordim. Ularning iste’dodi, fidoyiligi va bu yerda muvaffaqiyatga erishish salohiyatiga to‘liq ishonaman. Bu mavsumda oldimizda hali ko‘p ishlar turibdi. Biz barchani birlashtirib, muxlislarga ular munosib bo‘lgan futbolni namoyish etishga tayyormiz”, dedi Kerrik.
Kerrik 2006–2018-yillar davomida “qizil iblislar” safida to‘p surgan va shundan so‘ng futbolchilik faoliyatini yakunlagan. Shuningdek, u “Manchester Yunayted”da Ole-Gunnar Sulsher shtabida yordamchi murabbiy sifatida ishlagan. Keyinchalik norvegiyalik mutaxassis iste’foga chiqqanidan so‘ng jamoani vaqtincha boshqargan. Uning so‘nggi ish joyi “Midlsbro” bo‘lib, Kerrik klubni 2025-yil yozida tark etgan.
Ma’lumot uchun, 5-yanvar, dushanba kuni “Manchester Yunayted” Ruben Amorim bilan xayrlashganini e’lon qilgandi. Portugaliyalik mutaxassis jamoani 2024-yil 11-noyabrida qabul qilib olgan. Mankunianliklar Amorim qo‘l ostida 63 ta uchrashuv o‘tkazgan bo‘lib, 25 ta g‘alaba, 15 ta durang va 23 ta mag‘lubiyat qayd etgan. Ayni paytda “Manchester Yunayted” Angliya Premyer Ligasi turnir jadvalida 32 ochko bilan 7-o‘rinni egallab turibdi.








