O‘zbekistonda ota-onasi tomonidan bolalarini emlatishdan bosh tortish darajasi 2–3 foizdan ko‘paysa, bunga qarshi qat’iy chora ko‘rish bo‘yicha normalar ishlab chiqiladi. Bu haqda Sanepidqo‘mita tomonidan jurnalistlar uchun tashkil etilgan seminarda ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.
Sanepidqo‘mita matbuot xizmati rahbari Maftuna Saidovaning aytishicha, O‘zbekistonda bolalarni emlash darajasi 98 foizni tashkil qilmoqda.
Emlash qoidalariga rioya qilish bo‘yicha O‘zbekiston dunyodagi eng yaxshi natija ko‘rsatgan mamlakatlar safida turadi. Agar emlatishdan bosh tortish 2–3 foizdan ko‘payib ketaversa va emlash ko‘rsatkichimiz pasaysa, hukumat ham bunga qarshi chora ko‘rishga, norma ishlab chiqishga majbur bo‘ladi. Chunki davlat tomonidan bolalar o‘rtasida yuqumli kasalliklarning oldini olish, sog‘lom avlodni voyaga yetkazish va o‘lim holatlari yuz bermasligi uchun yiliga 200 million dollarlik vaksina sotib olinadi, dedi Sanepidqo‘mita vakili.
Maftuna Saidovaning qo‘shimcha qilishicha, belgilangan tibbiy ko‘riklarga o‘z vaqtida chiqmagan fuqarolarga nisbatan ijtimoiy sug‘urta orqali cheklovlar kiritish tizimi tatbiq etilishi mumkin.
O‘tgan 2025-yili huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda emlanmaganlarga qonuniy chora ko‘rish bo‘yicha ishlar ko‘rib chiqilayotgani xabar qilingan edi.








