Shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Javohir Sindarovga “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi” faxriy unvoni berildi. Bu haqda 27-noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyevning farmoni qabul qilindi.
“Mamlakatimizda shaxmat sport turini yanada rivojlantirishga, xalqimiz o‘rtasida ushbu sport turini ommalashtirishga qo‘shayotgan ulkan hissasi, el-yurtimiz oldidagi farzandlik burchiga sodiq qolib, azm-u shijoati, yuksak iroda va mahoratini, vatanparvarlik fazilatlarini yaqqol namoyon etgani, jahon miqyosida vatanimiz sharafini munosib himoya qilib, yuqori natijaga erishgani, Yangi O‘zbekistonning obro‘-e’tiborini dunyoga tarannum qilish, yoshlarimizni ona yurtga muhabbat, milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ulari ruhida tarbiyalash borasidagi alohida xizmatlari uchun shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Sindorov Javohir Sanjarbekovichga ‘O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi’ faxriy unvoni berilsin”, deyiladi hujjatda.
Shuningdek, shaxmat bo‘yicha Jahon kubogi sohibi bo‘lgan shaxmatchi prezident sovg‘asi — 3 xonali xonadon, uning murabbiylari esa pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.
26-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev “Prezident olimpiadasi” musobaqasining tantanali ochilish marosimida nutq so‘zlayotganida Javohir Sindorov shaxmat bo‘yicha Jahon kubogida g‘alaba qozongani e’lon qilindi. Davlat rahbari nutqini to‘xtatib, Javohir Sindorovni olqishladi.
“Mana menga yangi xushxabar keldi. Hozirgi daqiqalarda yana bitta xushxabar: 19 yashar vatandoshimiz Javohir Sindorov Hindistonda oʻtayotgan jahon kubogining gʻolibi boʻldi. Javohir finalda xitoylik Vey Yini yutib, 2026-yildagi jahon chempionatining chempionligiga daʼvogar boʻldi. Hamma aytgan gaplarimizning tagida zamin borligidan yana bitta dalil desak va Javohir qahramonimizni yana bir marta olqishlasak”, dedi prezident.
Marosimdan so‘ng davlatimiz rahbari shaxmatchimiz Javohir Sindarov bilan telefon orqali muloqot qildi. Yosh sportchiga kelgusi yilda Kiprda bo‘lib o‘tadigan Da’vogarlar turnirida muvaffaqiyatlar tiladi.
24—25-noyabr kuni bo‘lgan klassik partiyalarda durang qayd etildi. G‘olib esa 26-noyabr kuni tay-brekda aniqlandi. Tay-brek natijalari bo‘yicha Javohir Sindorov 1,5:0,5 hisobida g‘alaba qozondi va Jahon kubogi sohibiga aylandi.








