O‘zbekistonda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalar joriy etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, bu tartib ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun bilan belgilandi. Mazkur hujjat 2026-yil 4-may kuni qabul qilingan.
Yangi tartibga ko‘ra, daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash ishlarini amalga oshirish tartibini buzgan yuridik shaxslarga atrof-muhitga yetkazilgan zarar miqdorining 3 baravari miqdorida jarima qo‘llaniladi.
Shuningdek, suvlarni ifloslantirganlik yoki suv obyektlariga oqova suvlarni oqizishga doir talablarni buzgan yuridik shaxslarga nisbatan atrof-muhitni ifloslantirgani uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan kompensatsiya to‘lovining 10 baravari miqdorida moliyaviy sanksiya belgilanadi.
Qonunga muvofiq, yuridik shaxslarga tegishli yoki ularga biriktirilgan hududdagi daraxtlarni muhofaza qilish va saqlash bo‘yicha qonunchilikda belgilangan choralarni ko‘rmaganlik uchun ham jarima joriy etiladi. Bunday holatlarda yuridik shaxslarga atrof-muhitga yetkazilgan zarar miqdorining 5 baravari miqdorida moliyaviy sanksiya qo‘llanadi. Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tib kuchga kiradi.
Shavkat Mirziyoyev 30-aprel kuni tabiatni muhofaza qilish, ekologik barqarorlikni ta’minlash, chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish hamda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishgandi.
Taqdimotda ekologiya sohasidagi huquqbuzarliklar holati tahlil qilindi. Ma’lum qilinishicha, 2024-yilda 47 mingdan ortiq ma’muriy huquqbuzarlik aniqlangan bo‘lsa, 2025-yilda ularning soni 59 mingdan oshgan.
Shu bois yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalarni qayta ko‘rib chiqish, ularni tabiatga yetkazilgan zarar miqdoriga bog‘lash va xalqaro amaliyotga yaqinlashtirish taklif etilgan.








