Rossiyaning Ukrainaga hujumidan soʻng tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning yaqinlari BAA pasportlarini olgan. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish jamgʻarmasi (FBK) surishtiruviga tayanib, “Meduza” xabar berdi.
Gap Lavrov bilan yaqin munosabatda boʻlgan Svetlana Polyakova hamda uning qizi haqida bormoqda. Polyakova 2022-yil 28-dekabrda “davlat oldidagi xizmatlari uchun” BAA fuqaroligini olgan. Uning qizi Polina Kovalyova esa bundan biroz avvalroq ishga joylashishi munosabati bilan BAA pasportiga ega boʻlgan.
Polyakovaning Lavrov bilan yaqin munosabatlari borligi 2021-yilda oshkor boʻlgandi. “Vajniye istorii” maʼlumotlariga koʻra, u Rossiya Tashqi ishlar vazirligida ishlagan va vazirga xorijiy safarlarida hamrohlik qilgan. Bir necha kishining telefonida u rasman bu familiyani olmagan boʻlsa-da, Svetlana Lavrova sifatida saqlangan.
Jurnalistlar Polyakova umumiy qiymati 700 million rubldan ortiq koʻchmas mulkka egalik qilishini ham aniqlagan. FBK surishtiruvida, shuningdek, Polyakova va uning oilasi rossiyalik milliarder Oleg Deripaskaning xususiy samolyotlari hamda xorijdagi koʻchmas mulklaridan foydalanib kelgani taʼkidlanadi.
Polina Kovalyova urush boshlanguniga qadar Buyuk Britaniyada yashagan. U Londondagi Imperial kollejining biznes maktabida tahsil olgan va Britaniyaning bir nechta kompaniyalariga egalik qilgan. 2016-yilda, 21 yoshida Kovalyova nufuzli Kensington rayonidagi xonadonni 4,4 million funt sterlingga sotib olgan. Urush boshlanishi va sanksiyalar joriy etilishi ortidan u Angliyadan ketgan va Dohadagi Qatar Investment kompaniyasiga ishga joylashgan.
BAA fuqaroligini olish oʻta murakkab jarayon. Xorijliklar uchun odatiy fuqarolikka qabul qilish tartibi mamlakatda 30 yil uzluksiz istiqomat qilishni, arab tilini bilishni va ijobiy reputatsiyani talab etadi. 2021-yildan eʼtiboran investorlar, olimlar, shifokorlar, ixtirochilar va sanʼat arboblari uchun “alohida xizmatlari uchun” fuqarolik olish imkoniyati berilgan. Biroq nomzod arizani mustaqil topshira olmaydi, uni federal hokimiyat idoralari yoki amirliklar hukmdorlarining devonlari tavsiya etishi shart.
Ma’lumot uchun, AQSH may oyida Lavrovning o‘rinbosari Aleksandr Alimovga BMT Xavfsizlik kengashining ochiq munozaralarida ishtirok etish uchun viza bermagandi. O‘shanda Moskva AQSHning ushbu qarorini BMTning markaziy muassasalari to‘g‘risidagi bitim majburiyatlarini buzish deb baholagandi.








