Keniya tashqi ishlar vaziri Musaliya Mudavadi 16-mart kuni Moskvada rossiyalik hamkasbi Sergey Lavrov bilan uchrashuvdan so‘ng muhim bayonot berdi. Unga ko‘ra, Keniya fuqarolarini Rossiya armiyasiga majburan jalb qilish amaliyotiga chek qo‘yiladi.
Mudavadining ta’kidlashicha, hozirda Rossiyaga aldov yo‘li bilan olib kelingan Keniya fuqarolarini vataniga qaytarish bo‘yicha maxsus reja ustida ishlanmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, mingga yaqin keniyalik fuqaroga dastlab fuqarolik sohasida yuqori maoshli ish va’da qilingan.
Biroq Rossiyaga kelgach, ular o‘z xohishiga qarshi tarzda Ukrainadagi urushda ishtirok etish uchun harbiy xizmatga safarbar etilgan.
Muzokaralar yakunida Sergey Lavrov keniyaliklarning endilikda o‘zlarining tili bilan aytganda “maxsus operatsiya”ga (Ukrainaga qarshi to‘rtinchi yildirki davom etayotgan urush) jalb etilmasligiga rozilik bergan.
Fevral oyida mamlakat parlamentiga taqdim etilgan razvedka hisoboti Keniyada katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Hisobotda Rossiya tomonida 1000 nafar Keniya fuqarosi jang qilayotgani qayd etilgan — bu rasmiylar avval taxmin qilgan raqamdan besh baravar ko‘pdir.
Mazkur holat mamlakatda keskin noroziliklarni keltirib chiqardi. Keniya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Abraham Korir Sing’Oei Rossiyaning keniyaliklardan “zambarak o‘qi” sifatida foydalanishini qabul qilib bo‘lmas holat deb atadi va buni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi.
O‘z navbatida, Sergey Lavrov rossiyalik harbiylar safidagi keniyaliklar u yerga ixtiyoriy ravishda qo‘shilganini da’vo qilsa-da, yangi cheklov choralarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. U Keniya va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar ushbu mavzudan ancha kengroq ekanini va boshqa sohalardagi hamkorlikka putur yetmasligini ta’kidladi.
Rossiyaning xorijlik yollanma askarlari
Rossiya Ukrainadagi harbiy harakatlarni kuchaytirish uchun xorijliklarni yollashga ko‘proq tayanmoqda. Ko‘plab sobiq askarlar harbiy xizmatga aldov yo‘li bilan jalb etilganini aytmoqda.
Xususan, Janubiy Afrika 2026-yil boshida Donbass hududida qolib ketgan 15 nafar fuqarosini qaytarib oldi. Ular ham yolg‘on va’dalar bilan aldanganini bildirgan. Nepal 2024-yilda o‘z fuqarolariga Rossiyada ishlash uchun chiqish hujjatlarini berishni to‘xtatdi.
Ayni paytda AQSH va Britaniya nashrlarining xabar berishicha, o‘n minglab shimoliy koreyaliklar Rossiya safida jang qilmoqda. Xabarlarda ularning aksariyati Rossiya harbiylari tomonidan qullik sharoitida saqlanayotgani aytiladi.








