So‘nggi paytlarda o‘zbek futboli atrofida eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzulardan biri — klublar o‘zini o‘zi moliyalashtirishi kerak, degan talabdir. Bu borada ko‘pincha Yevropa, xususan, Angliya klublari misol qilib keltiriladi. Sobiq futbol agenti, Toshkentning “Paxtakor” klubi xodimi Ravshan Salimov mana shu mavzuni tahlil qilib, post yozdi.
U Angliya va o‘zbek futbol klublarining daromadlarini solishtirgan.
Angliyaning o‘rtamiyona klublari qanday pul topadi?
“Agar “Aston Villa” misoliga qaraydigan bo‘lsak, ularning asosiy daromad manbai — 60-65 foiz ulush bilan teletranslyasiyalardir.
Tijorat va homiylikdan tushadigan foyda 20-25 foizni tashkil qilsa, stadiondagi o‘yin kunidan (Matchday) topiladigan daromad 15 foiz atrofida.
Yoki “Kristall Pelas”ni olaylik:
- TV translyatsiya — 75 foiz
- Tijorat va savdo — 16 foiz
- O‘yin kuni daromadlari — 9 foiz atrofida.
Ko‘rib turganingizdek, asosiy yuk TV huquqlariga tushyapti. Agar klub quyi ligaga, ya’ni Chempionshipga tushib ketsa, aynan mana shu eng katta daromad manbaidan (deyarli 75 foizdan) ayriladi.
Chempionshipda ham TVdan daromad bor, lekin farq yer bilan osmonchalik — 10-15 barobar kam.
Shuning uchun APL Chempionshipga tushib ketgan jamoa yo‘q bo‘lib ketmasligi uchun “Parashyut to‘lovlari” (Parachute payments) orqali 3 yil davomida yordam puli berib turadi. Undan tashqari, homiylik orqali keladigan pullar ham Chempionshipga tushib ketgan jamoada keskin pasayib ketadi.

Qolgan daromadlar ham chakana emas. APL klublarining bitta formasi sifatiga qarab 95 dan 170 dollargacha sotiladi. O‘yinga kirish uchun oddiy chiptalar 50–105 dollar, VIP chiptalar esa 195–390 dollar atrofida turadi.
Endi shu raqamlarni o‘zimizning sharoit bilan solishtirsak.
Teletranslyatsiyalar
Angliyada Chempionshipga tushgan jamoani APL boqadi, bizda esa TV huquqini millionlarga sotish uyoqda tursin, ba’zan kanallarga (masalan, Sport TV) translyasiyani tashkil qilishi uchun klublarning o‘zi yoki PFL yordamlashishiga to‘g‘ri keladi.
Bizning liga TVdan foyda olib, klublarni boqadigan darajaga yetib borishi uchun hali qancha vaqt kerakligi noma’lum.
Eski O‘zbekiston davrida biror bir tadbirkorga homiylik haqida og‘iz ochsangiz, “Aka, qo‘ying. Tinchlik kerak. U-bu joyda nomimiz chiqib qolsa, yugurib kelishadi, muammo kerakmas” degan javobni eshitardik. Hozir vaziyat biroz yaxshiroq, lekin qilinadigan ishlar hali ko‘p” deb yozadi Salimov.
Shuningdek, u o‘zbek klublari xorijdagilar singari stadion nomini (Naming rights) sota olmasligini, chunki stadionlar hokimiyatga tegishli ekanligini ma’lum qilgan.
“Qolaversa, klublar PFLning homiysi bo‘lgan tashkilotning raqobatchisi bo‘lgan kompaniya bilan ishlay olmaydi. Ya’ni PFL Pepsi bilan ishlasa klublar Coca Cola bilan ishlay olmaydi. Marketing etikasi bo‘yicha PFLni to‘g‘ri tushunsa bo‘ladi. Ularning homiylari buning aksiga rozi bo‘lmaydi hech qachon” deb yozadi Salimov.

Post davomida o‘yin kuni stadionlardagi taom va ichimliklar sotuvini tashkil qilish masalasi muhokama qilingan.
“Boshqa davlatlarda stadionlar qanday ishlashini bilmadim-u, ammo Toshkentda tuzukroq “keytering” xizmatlarini yo‘lga qo‘yish ham bir masala. Tashkilot nomlarini aytib o‘tirmayman. Lekin, har gal har xil tashkilotlardan ruxsat olish kerak. Buni esa hech qaysi keyteringchi qilgisi yo‘q. Shu bilan birga, bu hal qilsa bo‘ladigan masala” deyiladi postda.
Formalar savdosi
“Formalar savdosi ham o‘ziga yarasha murakkab: muxlislar mahalliy futbolchining original formasini 100 dollarga olmaydi hech qachon. Undan ko‘ra bozordan yasama formani olib qo‘ya qoladi. Uning ustiga mahalliy o‘yinchining formasini kiygandan ko‘ra, Ronaldu yoki Messining futbolkasini kiyib yurishni afzal ko‘radi.
Chiptalar masalasiga kelsak, Angliyada eng arzon chipta 50 dollar turadi. Bizda esa yaqindagina kirish biletini 50 000 so‘m qilib qo‘ysak, odamlar "namuncha qimmat" deyishdi. Bundagi vaziyatni ham bilib olavering. To‘g‘ri vodiyda vaziyat sal yaxshiroq” deb yozadi “Paxtakor” klubi xodimi.
Shundan so‘ng, u mamlakatlar futbolini solishtirish uchun ularning iqtisodiy ahvolini ham taqqoslash kerakligini ta’kidlaydi.
“Futbolni solishtirgandan keyin, mamlakatlarning xarid qobiliyatini ham solishtirish adolatdan bo‘ladi.
Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YIM bo‘yicha Buyuk Britaniya O‘zbekistondan taxminan 14,5 barobar oldinda (yiliga ~ 57,600 dollarga qarshi ~ 4,000 dollar).

O‘rtacha oylik ish haqidagi farq ham shunga yarasha — 7-8 barobar. Ingliz xodimi barcha soliqlardan keyin qo‘liga o‘rtacha 3,055 dollar olsa, O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich o‘rtacha 440 dollar (taxminan 6,3 mln so‘mlik maoshdan soliqlar ushlangach, 5,6 mln so‘m atrofida) tegadi.
Iqtisodiyotda “erkin daromad” tushunchasi bor. Odamlar avval bazaviy ehtiyojlarini qondirmaguncha, futbol klublari tijoriy jihatdan rivojlana olmaydi. Futbol o‘zini o‘zi boqishi uchun davlat ham shunga yarasha rivojlangan bo‘lishi, biznes erkin bo‘lishi, monopoliya va korrupsiya bo‘lmasligi kerak.
Prezidentimiz bu ishlarni amalga oshirishga harakat qilyapti. Lekin ularning kelganiga endi 9 yil o‘tdi. 9 yil ichida Angliya yoki Yaponiya darajasiga chiqib qola olmaymiz.
Odamlar ko‘p pul topib, shunga yarasha futbolga pul ishlatishni boshlagandagina, klublar ham tabiiy ravishda pul qilishga o‘tadi” deya fikrini yakunlaydi Ravshan Salimov.
“Daryo”ning sport jurnalisti Qahramon Aslanov bir maqolasida ”litsenziyalash bo‘yicha baholash klublarning ishlab topgan puliga qarab bo‘lishi kerak” degan fikrni bildirgan edi. Ravshan Salimov ana shu fikrga munosabat bildirib, bunday keskin talab hatto Yevropa futbolining cho‘qqisi bo‘lgan UEFAda ham yo‘qligini yozadi.
“Qolaversa, OFK ham butun Osiyoda futbolni o‘ldiradigan darajada ahmoq emas. Agar bu talab bo‘yicha ishlansa, Osiyo futbolida faqat Yaponiya qoladi va ular o‘zi bilan o‘zi o‘ynab yurishga majbur bo‘ladi.
Lekin shu Yaponiya ham bugungi darajasiga osmondan tushib qolmagan, ularni ham shu darajaga chiqqunga qadar davlat kuchli qo‘llab-quvvatlagan. Vaqtida davlat puliga yoshi o‘tib qolgan bo‘lsa-da, jahon darajasidagi yulduzlar olib kelingan va shu orqali odamlar stadionga qaytarilgan. Davlat tomonidan klublarga stadionlar qurib berilgan.
Bizda esa vaziyat boshqacharoq. Yaqindagina Toshkent shahar sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev zamonaviy stadion qurib, uning atrofida ko‘ngilochar park va attraksionlar barpo etish orqali klubni ma’lum ma’noda o‘zini o‘zi boqadigan loyihaga aylantirish tashabbusi bilan chiqqan edi. Biroq, o‘sha paytda ko‘pchilik faollar va blogerlar bu loyihaga keskin qarshi chiqishdi va oqibatda bu ish to‘xtab qoldi.
Eng qizig‘i, bugunga kelib aynan o‘sha blogerlarning o‘zlari “klublar o‘zini o‘zi boqishi kerak” deyishmoqda.

Axir klub o‘zini o‘zi boqishi uchun unga birinchi galda pul ishlaydigan tijoratlashgan vosita — infratuzilma va stadion kerak emasmi?!” deya fikr bildiradi o‘z postida Ravshan Salimov.
Post yakunida u “toki bizning jamiyat shunday iqtisodiy darajaga va milliy futbolga bo‘lgan sodiqlik madaniyatiga yetguniga qadar, davlat futbolni qo‘llab-quvvatlab turishi yaxshi” ekanini ta’kidlagan.
“Sababi, bizning futbol o‘z puliga yarasha emas, balki undan ancha baland saviyada. Davlat bu narsani to‘xtatar ekan O‘zbekistonda futbol o‘ladi” deya postini yakunlagan Ravshan Salimov.
“O‘zbekistonda futbol o‘lmaydi”
Ravshan Salimovning postiga taniqli futbol mutaxassisi Alisher Nikimbyaev quyidagicha munosabat bildirdi.
“Mening xotiramda, bu futbol klubining amaldagi xodimlaridan biri mavjud vaziyatni bo‘yab ko‘rsatishga urinmasdan, ochiqchasiga tahlil qilishga uringan deyarli birinchi holatdir.
Postdagi ayrim jihatlarga men to‘liq qo‘shilmayman. Lekin bu yerda bahslashmoqchi emasman. Chunki bahslashadigan narsaning o‘zi yo‘q.

Faqat milliy futbolimiz va dunyodagi deyarli barcha professional ligalar o‘rtasidagi asosiy farq haqida qo‘shimcha qilmoqchiman. O‘zbekiston PFL klublar uchun nafaqat hech narsa ishlab topmaydi, balki mohiyatan aynan shu klublar hisobidan kun ko‘radi. Klublar nafaqat har yilgi badal pulini, balki “legionerlar solig‘i”ni ham to‘laydilar. Umuman olganda, Superliga klublari PFLga 15 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ beradi, evaziga esa hech narsa olmaydi. Aniqroq aytganda, uquvsiz menejmentni oladi.
Eng muhimi, Salimovning fikriga men qo‘shilmaydigan asosiy nuqta: bizning futbol o‘lmaydi. Ba’zi klublar yo‘q bo‘lar, qaysidir klublar akademiyalarga ajratiladigan xarajatlarni qisqartirar. Maoshlar kamayadi. Superligadagi o‘ynab turib, boshqa biror joyda ham ishlaydigan futbolchilar paydo bo‘ladi. Klublar, ehtimol, Chaqiruv ligasida o‘ynay boshlar. Lekin O‘zbekistonda futbol o‘lmaydi”.








