Daryo

“Katta pullar”, homiylar va rekord shartnomalar: FIFA 2026-yilgi JCHdan qancha daromad ko‘rdi?

Tashkilot tarixidagi eng yirik homiylik shartnomasi 2016-yilda Xitoyning Wanda Group kompaniyasi bilan imzolangan.

3 daqiqa o‘qish9 844 ko‘rishlar0 izoh2

2026-yil 19-iyul kuni futbol bo‘yicha Jahon chempionati finalida Argentina va Ispaniya terma jamoalari o‘zaro bahs olib boradi. Kanada, Meksika va AQSH mezbonligida o‘tayotgan ushbu mundial FIFA tarixidagi eng daromadli turnir bo‘lishi kutilmoqda. Xalqaro futbol federatsiyasining (FIFA) umumiy tushumi 13 milliard AQSH dollariga yetishi prognoz qilinmoqda.

FIFA homiylik tizimi qanday ishlaydi?

FIFA homiylik modeli yirik musobaqalarni tashkil etish va futbolni butun dunyoda rivojlantirish uchun xususiy investitsiyalarni jalb etishga qaratilgan.

Buning evaziga homiy kompaniyalar:

• eksklyuziv marketing huquqlariga ega bo‘ladi;

• o‘z brendini dunyodagi eng ommabop sport turi bilan bog‘laydi;

• milliardlab futbol muxlislariga bevosita chiqish imkoniyatini qo‘lga kiritadi.

Foto: App Economy Insights

FIFAning homiylik toifalari

FIFA hamkorlari

Bu kompaniyalar FIFA bilan uzoq muddatli shartnomalar imzolaydi va federatsiya tasarrufidagi barcha musobaqalarni, jumladan, ayollar va yoshlar turnirlarini ham qamrab oladi.

Ular:

  • rasmiy to‘plar va hakamlar jihozlarini taqdim etadi;
  • aviatashuvlarni amalga oshiradi;
  • to‘lov texnologiyalari va boshqa xizmatlarni yo‘lga qo‘yadi.

Doimiy hamkorlar qatoriga Adidas, Coca Cola, Visa, Hyundai/Kia, Qatar Airways, Aramco va Lenovo kiradi.

Jahon chempionati homiylari

Ularning huquqlari faqat muayyan Jahon chempionatiga taalluqli bo‘ladi.

2026-yilgi mundial homiylari:

  • McDonald’s
  • Budweiser
  • Bank of America
  • American Airlines
  • Lay’s
  • Doritos
  • Unilever
  • Verizon

Mintaqaviy homiylar

Bular musobaqa o‘tkazilayotgan hududlardagi kompaniyalar bo‘lib, mahalliy bozorlarda reklama qilish huquqiga ega.

2026-yilgi mintaqaviy homiylar:

  • Airbnb
  • The Home Depot
  • Valvoline
  • Rock-It Cargo
Foto: Gabelli Funds

FIFA tarixidagi eng yirik homiylik bitimlari

2016-yilda FIFA Xitoyning Wanda Group kompaniyasi bilan tarixidagi eng yirik homiylik shartnomasini imzoladi.

  • Shartnoma 2030-yilgacha mo‘ljallangan edi.
  • Uning qiymati taxminan 850 million dollarni tashkil qilgan.
  • Ushbu bitim FIFAga sobiq prezident Yozef Blatter bilan bog‘liq korrupsiya mojarosidan keyingi moliyaviy muammolarni bartaraf etishga yordam bergan.

Biroq 2024-yilda Wanda bilan hamkorlik muddatidan oldin yakunlandi. Bunga kompaniyaning shartnoma bo‘yicha to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirmagani sabab bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgan edi.

2017-yildan buyon Qatar Airways FIFAning rasmiy hamkori hisoblanadi. Aviakompaniya bilan tuzilgan ikki homiylik shartnomasining umumiy qiymati 487 million dollarga baholanadi.

FIFAning eng uzoq yillik hamkorlaridan biri Adidas bo‘lib, kompaniya 1970-yildan buyon federatsiyani sport anjomlari bilan ta’minlab keladi.

Coca Cola esa FIFA bilan 1974-yildan beri hamkorlik qiladi.

Har ikki kompaniya FIFA byudjetiga har yili 70–100 million dollar miqdorida mablag‘ yo‘naltiradi. Ularning amaldagi shartnomalari ham 2030-yilgacha amal qiladi.

FIFA daromadlari qanday o‘sib bormoqda?

FIFA moliyaviy hisobotlari to‘rt yillik sikllar bo‘yicha yuritiladi.

  • JCH-2014 — 4,8 milliard dollar daromad (2011–2014-yil — 5,7 mlrd).
  • JCH-2018 — 5,3 milliard dollar (2015–2018-yil — 6,4 mlrd, shundan 1,7 mlrd homiylardan).
  • JCH-2022 — 6,3 milliard dollar (2019–2022-yil — 7,6 mlrd, shundan 1,8 mlrd homiylardan).

Taqqoslash uchun, Xalqaro Olimpiya qo‘mitasining (XOQ) 2021–2024-yillardagi umumiy daromadi 7,7 milliard dollarni tashkil etdi.

2026-yilgi Jahon chempionati tarixiy rekord o‘rnatmoqda

AQSH, Kanada va Meksika mezbonligidagi 2026-yilgi mundial FIFA tarixidagi eng daromadli turnirga aylanishi kutilmoqda.

Prognozlarga ko‘ra:

  • homiylik, marketing va litsenziyalash — 2 milliard dollardan ortiq;
  • tele va internet translyatsiya huquqlari — 3,9 milliard dollar;
  • chiptalar savdosi — 3 milliard dollar.

Shu tariqa, turnirning umumiy daromadi kamida 8,9 milliard dollarni tashkil etishi kutilmoqda.

Foto: 365247 Sports

2023–2026-yillardagi FIFA moliyaviy sikli bo‘yicha daromadlar quyidagicha taqsimlanadi:

  • 2023-yil — 1,3 mlrd dollar;
  • 2024-yil — 0,5 mlrd dollar;
  • 2025-yil — 2,5 mlrd dollar;
  • 2026-yil — 8,9 mlrd dollar.

Natijada, ushbu to‘rt yillik davr yakunida FIFAning umumiy tushumi 13 milliard AQSH dollariga yetishi kutilmoqda.

Federatsiya ushbu mablag‘ning 97,5 foizini mukofot pullari, futbolni rivojlantirish dasturlari, ijtimoiy loyihalar, zaxira jamg‘armasi va boshqa yo‘nalishlarga sarflashni rejalashtirgan.

Farg‘ona viloyati Bog‘dod tumanida tug‘ilganman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Sport jurnalistikasi fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2025-yil dekabr oyidan beri sport muxbiri lavozimida ishlayman va maxsus videomateriallar, tarjima maqolalar hamda xabarlar tayyorlayman. Sevimli filmim “Forrest Gamp”. “Shamol ortidan yugurib” (Xolid Husayniy) romanini yaxshi koʻraman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar