Daryo

Bu qiziq. Futbol maydonidagi maysa nega yo‘l-yo‘l chiziqli bo‘ladi?

Futbol uchrashuvlari vaqtida stadiondagi maysazor ko‘pincha ataylab och va to‘q yashil ranglarga bo‘yalgandek ko‘rinadi. Aslida buning uchun bo‘yoq ham, turli xil maysa navlari ham ishlatilmaydi.

1 daqiqa o‘qish6 776 ko‘rishlar0 izoh0

Futbol uchrashuvlari vaqtida stadiondagi maysazor ko‘pincha ataylab och va to‘q yashil ranglarga bo‘yalgandek ko‘rinadi. Aslida buning uchun bo‘yoq ham, turli xil maysa navlari ham ishlatilmaydi. Maydondagi yo‘l-yo‘l chiziqlarning asosiy siri — maysani o‘rish usuliga bog‘liq.

Stadion xodimlari o‘tni turli yo‘nalishlarda o‘radi. Maysa o‘radigan mashina o‘tgandan so‘ng, maysalar bir tomonga og‘adi, keyingi o‘tishda esa qarama-qarshi tomonga. Buning natijasida yorug‘lik maysa yuzasidan turlicha qaytadi: tomoshabinga bir qator ochroq, yonidagi qator esa to‘qroq rangda bo‘lib ko‘rinadi.

Aniq va tiniq chiziqlar hosil qilish uchun maxsus mashinalaridan foydalaniladi. Ular maysani nafaqat qisqartiradi, balki vizual effektni kuchaytirgan holda uni bosib tekislaydi. Texnikaning harakatlanish yo‘nalishiga qanchalik aniq rioya qilinsa, chiziqlar shunchalik tekis va ko‘zga tashlanadigan bo‘ladi.

Bunday chiziqlar nima uchun kerak?

  • Maydondagi yo‘l-yo‘l chiziqlar birinchi navbatda estetik ahamiyatga ega:
  • Yaxshi parvarishlangan maysazor televizion translyatsiya tasvirini yanada chiroyli va sifatli qiladi;
  • Tomoshabinlarga maydonda mo‘ljal olish va o‘yinchilar orasidagi masofani chamalashga yordam beradi;
  • Hakamlar va futbolchilar uchun o‘yin davomida (masalan, ofsayd holatlarini aniqlashda) qo‘shimcha mo‘ljal vazifasini o‘taydi.

Shu bilan birga, maysazordagi chiziqlar musobaqa qoidalari bilan ham tartibga solinishi mumkin. Masalan, UEFA shafeligida o‘tadigan o‘yinlar uchun maydonni o‘rish bo‘yicha qat’iy talablar belgilab qo‘yilgan.

Xulosa qilib aytganda, futbol maydonidagi mashhur yo‘l-yo‘l chiziqlar — bu maydon holatiga javobgar mutaxassislar mehnati va yorug‘likning oddiy o‘yini natijasidir. Aslida maysa bir xil rangda bo‘ladi, biroq uni turli yo‘nalishda o‘rish va yotqizish hisobiga maydon ketma-ket almashib keluvchi chiziqlardan iboratdek tasavvur uyg‘otadi.

Qashqadaryo viloyatidanman. O’zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Bosma OAV fakulteti, Sport jurnalistikasi yo‘nalishini tugatganman. “Daryo”da 2025-yilning mart oyidan beri ishlayman va xabarlar hamda tahliliy maqolalar yozaman. Har yili Qozog‘istonning “Hokim” kinosini kamida bir marta ko‘raman. Said Ahmadning “Ufq” trilogiyasini sevib o‘qiyman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar