Daryo

AQSH Ukrainada tartibsizliklar xavfi haqida ogohlantirdi

Davlat departamenti amerikaliklar uchun xavf darajasini yangilab, ularga Ukrainaga bormaslikni tavsiya qildi. Mamlakatda bo‘lib turgan fuqarolarga esa namoyishlardan yiroq yurish va evakuatsiyaga tayyor turish aytildi.

1 daqiqa o‘qish9 624 ko‘rishlar0 izoh0

AQSH Davlat departamenti amerikaliklarni Ukrainada yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tartibsizliklardan ogohlantirdi. Tashqi siyosat idorasi o‘z fuqarolariga bu mamlakatga safar qilmaslikni tavsiya etmoqda. Bu haqda departament saytida yangilangan eslatmada aytiladi.

Idora amerikaliklar uchun tavsiyanomani yangiladi va xavflar qatoriga fuqarolar tartibsizliklarini ham qo‘shdi. Hujjat 28-avgust kuni kengaytirildi. Shunga qaramay, umumiy xavf darajasi eng yuqori bo‘lgan 4-darajada (“Safar qilmang”) o‘zgarishsiz qoldi.

Departament allaqachon Ukrainada bo‘lib turgan amerikaliklarga vaziyatni kuzatishni tavsiya qiladi. Ular zarur bo‘lganda hududni tezda tark etishga tayyor turishi kerak. Shuningdek, AQSH fuqarolariga havo trevogasi signallariga amal qilish, yaqin-atrofda joylashgan boshpanalarni bilish hamda namoyishlar va odamlar gavjum joylardan yiroq bo‘lish uqtiriladi.

AQSHning Kiyevdagi elchixonasi o‘z faoliyatini davom ettirmoqda. Biroq muassasa xodimlariga poytaxtdan tashqariga chiqish taqiqlangan. AQSH hukumati xodimlari Kiyevdan tashqariga chiqish uchun maxsus ruxsatnoma olishi shart. Davlat departamenti xodimlarning oila a’zolariga Ukrainada qolishga ruxsat bermaydi.

Hujjatda keltirilishicha, Ukraina havo hududi Amerika fuqaro aviatsiyasi uchun yopiqligicha qolmoqda. Ba’zi hududlarda harbiy holat cheklovlari, jumladan, komendantlik soati va hujjatlarni topshirib tekshirtirish tartibi amalda bo‘lib turibdi.

May oyida  AQSHning Londondagi elchixonasi Buyuk Britaniyada terrorchilik xavfi darajasi oshirilgach, amerikaliklarni ehtiyotkor bo‘lishga chaqirgan. Ularga jamoat joylarida ogohroq bo‘lish, yangiliklarni kuzatib borish va ortiqcha e’tiborni tortmaslik tavsiya qilingan.

Shuningdek, avgust oyi boshida AQSH fuqarolarini Yaqin Sharq davlatlarini tark etishga chaqirgan. Ya’ni, Yaqin Sharq poytaxtlaridagi AQSH elchixonalari 1-avgust kuni Amerika fuqarolarini mintaqaviy urushdagi “kutilmagan keskinlashuv”dan ogohlantirgan va ularni hududni tark etishga tayyor turishga undagan. 

Tegishli ogohlantirish Bahrayn, Iroq, Isroil, Iordaniya, Kuvayt, Livan, Ummon, Qatar, Saudiya Arabistoni va BAAdagi AQSH elchixonalari internet sahifalarida e’lon qilingan. Bu xabar Qo‘shma Shtatlar prezidenti Donald Trampning Eronga juda qattiq zarba berish bilan tahdid qilganidan bir kun o‘tib paydo bo‘lgandi.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar