Daryo

AQSH fuqarolarini Yaqin Sharq davlatlarini tark etishga chaqirdi

Mintaqadagi o‘nlab elchixonalar kutilmaganda vaziyat keskinlashishiga tayyor turish haqida ogohlantirdi.

2 daqiqa o‘qish9 585 ko‘rishlar0 izoh10

Yaqin Sharq poytaxtlaridagi AQSH elchixonalari 1-avgust kuni Amerika fuqarolarini mintaqaviy urushdagi “kutilmagan keskinlashuv”dan ogohlantirdi va ularni hududni tark etishga tayyor turishga chaqirdi. Bu haqda Arab News xabar berdi.

Tegishli ogohlantirish Bahrayn, Iroq, Isroil, Iordaniya, Kuvayt, Livan, Ummon, Qatar, Saudiya Arabistoni va BAAdagi AQSH elchixonalari internet sahifalarida e’lon qilindi. Bu xabar Qo‘shma Shtatlar prezidenti Donald Trampning Eronga juda qattiq zarba berish bilan tahdid qilganidan bir kun o‘tib paydo bo‘ldi.

Eron va AQSH o‘rtasida urush 28-fevraldan beri davom etmoqda. O‘t ochishni to‘xtatish bitimidan so‘ng bir muddat tinchlik o‘rnatilgan bo‘lsa-da, zarbalar qayta tiklanishi bilan bu bitim buzildi. Oxiri ko‘rinmayotgan ushbu urush besh oydan beri Yaqin Sharq aholisi hayotini izdan chiqarmoqda va jahon energetika bozorlarini xavotirga solmoqda.

“Mintaqadagi amerikaliklar hududni tark etish haqida o‘ylab ko‘rishi yoki vaziyat keskinlashgan taqdirda ketishga tayyor turishi kerak”, deyiladi xavfsizlik ogohlantirishida.

Bayonotlarda fuqarolardan reyslarni tekshirish va mahalliy hokimiyat organlarining xavfsizlik bo‘yicha ko‘rsatmalariga amal qilish so‘raldi.

“Hozirda Yaqin Sharqda bo‘lib turgan amerikaliklar ehtiyotkorlik va yuqori hushyorlikni saqlashi kerak. Shuningdek, ular parvozlarning bekor qilinishi, havo hududining vaqtincha yopilishi va ehtimoliy kechikishlarga tayyor turishi lozim”, deyiladi xabarda.

Iordaniyadagi amerikaliklarga yaqinda Eron raketalari hujumiga uchragan AQSH harbiy bazalariga bormaslik uqtirildi. Isroildagi fuqarolarga esa eng yaqin bombapanoh joylashgan manzilni bilib olish tavsiya etildi.

“Eron rejimining xatti-harakatlarini oldindan aytib bo‘lmaydi. Buni uning yaqinda mintaqadagi hududlarga ogohlantirishsiz hamda hech qanday sababsiz zarba bergani va hujum ko‘lamini ilgari nishonga olinmagan hududlarga (masalan, Misrga) kengaytirganidan ko‘rish mumkin”, deyiladi AQSHning Quddusdagi elchixonasi saytida berilgan xabarda.

“Himoya qalqoni”

Eron harbiylari 1-avgust kuni Vashingtonni mintaqada tinchlikni keskinlashtirishda aybladi.

“Jinoyatchi va tajovuzkor Amerika uchun himoya qalqoni vazifasini o‘tayotgan har qanday mamlakat urush alangasida yonadi”, dedi Eron harbiy markaziy qo‘mondonligi rahbari Ali Abdullohiy davlat televideniyesida o‘qib eshittirilgan bayonotida.

Eron oliy rahnamosining maslahatchisi Muhammad Muxbir ham Eron infratuzilmasiga qilinadigan har qanday hujumdan ogohlantirdi.

“Siz harbiy hisob-kitoblarga tayanib ish qilasiz. Biz esa tarix mantig‘i bilan javob beramiz. Eron infratuzilmasiga hujum qilish sizning 250 yillik hukmronligingiz poydevorini larzaga keltiradi”, deb yozdi u X’dagi sahifasida.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar