Daryo

“O‘rgimchak odam” filmidagi ko‘pchilik payqamagan xatolar

Filmda ayrim buyumlar ham o‘z-o‘zidan paydo bo‘ladi. Masalan, Piter avtobus ortidan yugurayotgan sahnada Meri Jeynning iltimosi bilan haydovchi to‘xtaydi va uni avtobusga chiqaradi. O‘sha paytda avtobus oldidagi yo‘l mutlaqo bo‘sh bo‘ladi.

4 daqiqa o‘qish10 199 ko‘rishlar0 izoh0

Superqahramonlar haqidagi filmlarni ham xato qilishi mumkin bo‘lgan oddiy insonlar suratga oladi. “O‘rgimchak odam” filmida ijodkorlar qaysi joylarda xatoga yo‘l qo‘yganini ko‘rib chiqamiz.

2002-yilda Marvel olamidagi Multikoinot haqida hali hech kim bilmagan paytda rejissyor Sem Reymi mashhur komiks qahramoni haqida “O‘rgimchak odam” filmini suratga oldi. Unda bosh rollarni Tobi Maguayr va Kirsten Danst ijro etdi.

Film prokatga chiqqanidan dastlabki kunlardanoq tomoshabinlar rekordini yangiladi. Yil yakuniga ko‘ra esa “O‘rgimchak odam” eng ko‘p daromad keltirgan filmga aylandi.

Filmning muvaffaqiyati yana ikki qism suratga olinishiga sabab bo‘ldi. Oradan yillar o‘tib, Tobi Maguayr Marvel kinoserialiga ham qaytdi. Bundan tashqari, film ko‘plab internet memlariga sabab bo‘ldi. Biroq mashhur kartinada e’tibordan chetda qolgan bir qancha qiziqarli kinoxatolar ham bor. 

Bor edi-yu, g‘oyib bo‘ldi

Piter Parker o‘zining superqobiliyatlarini kashf etganidan so‘ng maktab oshxonasida Meri Jeynni to‘kilgan sharbat ustida sirpanib ketishdan saqlab qoladi.

Foto: Filmdan kadr

Oradan bir daqiqa o‘tib, Piter patnis bilan bog‘liq voqeadan keyin oshxonadan shoshilib chiqib ketadi. Ammo shu payt polga to‘kilgan sharbat allaqachon g‘oyib bo‘lgan bo‘ladi.

Foto: Filmdan kadr

Filmda ayrim buyumlar ham go‘yo o‘z-o‘zidan paydo bo‘ladi. Masalan, Piter avtobus ortidan yugurayotgan sahnada Meri Jeynning iltimosi bilan haydovchi to‘xtaydi va uni avtobusga chiqaradi. O‘sha paytda avtobus oldidagi yo‘l mutlaqo bo‘sh bo‘ladi. 

Foto: Filmdan kadr

Ammo Piter salonga kirganida, avtobus oldida birdan yuk mashinasi paydo bo‘ladi.

Foto: Filmdan kadr

Yana bir shunga o‘xshash xatoni Piter xonasida o‘rgimchak to‘ridan foydalanishni mashq qilayotgan sahnada ko‘rish mumkin. U avval gazli ichimlik solingan bankani, keyin esa stol chirog‘ini o‘ziga tortadi. Chiroq devorga urilib, sinadi.

Foto: Filmdan kadr

Ammo shovqinni eshitib xonaga kirgan Mey xola chiroqning joyida bus-butun turganini ko‘radi.

Foto: Filmdan kadr

Vaqt bilan bog‘liq nomuvofiqliklar

Piter va Meri Jeyn ishlaydigan kafeda suhbatlashayotgan sahnada ham vaqt bilan bog‘liq nomuvofiqlik bor. Kamera Piterga qaratilganda, uning ortidagi soyalar quyosh yuziga qarab turgandek ko‘rinadi. 

Foto: Filmdan kadr

Ammo kadr Kirsten Danstga o‘tganda, soyalar boshqa tomonga tushadi. Go‘yo suhbat davomida quyosh tush paytidan o‘tib, kechga yaqinlashib qolgandek. Kadr almashgani sayin soyalar ham o‘zgarib turadi.

Foto: Filmdan kadr

Biroq bundan ham qiziqroq vaqt xatosi Piter va Meri Jeyn kasalxonada Mey xola bilan suhbatlashayotgan sahnada kuzatiladi. Deraza ortida iliq bahor kuni aks etib turadi. Aslida esa bu suhbat Shukronalik kunining ertasiga bo‘lib o‘tadi. Shukronalik kuni esa noyabr oxirida nishonlanadi. Bu paytda Nyu Yorkda havo ancha sovuq, daraxtlardagi barglar esa deyarli to‘kilib bo‘lgan bo‘ladi. 

Foto: Filmdan kadr

Jurnalistikadagi “inqiroz”

Piter Parker fotograf bo‘lib ishga kirgan Daily Bugle tahririyatida ham qiziq xatolar bor. Bosh muharrir Jey Jonah Jeymson xodimlar gazetaning oltinchi sahifasini tayyorlay olmayotganidan jahli chiqadi.

Foto: Filmdan kadr

Piter O‘rgimchak odamning bir nechta suratini olib kelgach, Jeymson ularni birma-bir ko‘rib chiqadi. Suratlar orasida O‘rgimchak odam yuqoridan pastga qarab olingan kadr ham bor.

Foto: Filmdan kadr

Ammo surat stolga qo‘yilishi bilan undagi tasvir birdan o‘zgaradi: endi O‘rgimchak odam pastdan yuqoriga qarab, moviy osmon fonida tasvirlangan.

Foto: Filmdan kadr

O‘rgimchak odam haqidagi birinchi maqolada ham qiziq xatoni ko‘rish mumkin. Ekranda katta qilib ko‘rsatilgan maqolaning birinchi va ikkinchi ustunlaridagi matn deyarli harfma-harf bir xil.

Nyu York — klonlar shahri

2002-yilda Nyu Yorkda shahar atroflarini hisobga olmaganda qariyb 8 million kishi yashagan. Ammo filmga qaraganda, ayrim nyu yorkliklar bir vaqtning o‘zida bir necha joyda paydo bo‘lish qobiliyatiga ega.

Masalan, Goblinning “Birlik kuni” festivaliga hujumi vaqtida Piter balkonning yuqoridan qulayotgan bo‘laklari ostidan kulrang palto kiygan erkak va qora kiyimli ayolning qochib ketayotganini ko‘radi.

Foto: Filmdan kadr

Piter ularga yordam berishga qaror qiladi va o‘rgimchak to‘ri yordamida xavfsiz joyga xuddi shunday kiyingan boshqa juftlikni olib chiqadi. Bu juftlik esa avval hech narsadan xavotirlanmay, voqeani tomosha qilib turgan edi.

Foto: Filmdan kadr

Yana bir “klonlar bosqini”ni Piter Norman Osborn bilan tanishayotgan sahnada ko‘rish mumkin. Aynan shu sahna Uillem Defo ishtirokidagi mashhur memga ham sabab bo‘lgan.

Qahramonlar suhbatlashayotgan paytda ularning ortidan quyosh ko‘zoynagi taqqan, qora ryukzakli qiz uch marta o‘tib ketadi.

Foto: Filmdan kadr

Qiz har safar boshqa tomonga qarab harakatlanadi.

Foto: Filmdan kadr
Foto: Filmdan kadr

Ammo “klonlar” bo‘yicha rekord Piter va Meri Jeyn kafeda suhbatlashayotgan sahnaga tegishli. Qahramonlar gaplashayotgan paytda Parker ortidagi burchakdan kepka kiygan to‘la erkak chiqib keladi.

Foto: Filmdan kadr

Kadr almashgach, ko‘chada xuddi shunday yana bir erkak paydo bo‘ladi.

Foto: Filmdan kadr

Keyin uchinchisi, to‘rtinchisi va beshinchisi ham ko‘rinadi.

Foto: Filmdan kadr

Shunday qilib, bir necha daqiqalik suhbat davomida burchak ortidan bir xil ko‘rinishdagi besh erkak chiqib keladi. 

Foto: Filmdan kadr
Foto: Filmdan kadr

Toshkentdanman. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universitetining O‘zbek tili fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2024-yildan beri Layfstayl bo‘limida muxbir lavozimida ishlayman va maqolalar hamda videomateriallar tayyorlayman. Har yili ispan kinoijodkorlari tomonidan suratga olingan “Невидимый гость” (“Ko‘rinmas mehmon”) filmni kamida ikki marta qayta tomosha qilaman. Imom al-Buxoriy haqidagi “Sohilsiz dengiz” kitobi yoqadi.

Telegram kanal@daryo_lotinObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar