Daryo

Rog‘un GES qurilishini yakunlash uchun yana 5,8 mlrd dollar kerak bo‘ladi — S&P

Yangi prognozga ko‘ra loyiha 2035-yilgacha to‘liq yakunlanadi. Xalqaro ekspertlar qo‘shimcha himoya to‘g‘onini qurish zaruratini ko‘rib chiqmoqda.

1 daqiqa o‘qish21 050 ko‘rishlar0 izoh0

Tojikistonga Rog‘un gidro elektr stansiyasini(GES) to‘liq yakunlash uchun taxminan 5,8 milliard dollar kerak bo‘ladi. Bu haqda S&P Global Ratings kompaniyasining yangi hisobotida ma’lum qilindi.

Agentlik loyiha 2035-yilgacha to‘liq yakunlanishini prognoz qildi. Xarajatlarning qolgan qismini xalqaro moliyalashtirish, davlat byudjeti va GESning o‘z daromadlari hisobidan qoplash rejalashtirilgan.

Yangi prognoz S&P ilgari keltirgan ko‘rsatkichlardan pastroq. 2026-yilning fevralida agentlik qolgan xarajatlarni taxminan 6 mlrd dollarga, 2025-yilning avgustida esa 6,4 mlrd dollarga baholagandi. Shu bilan birga, Tojikiston moliya vaziri Fayziddin Qahhorzoda yakuniy summani faqat qurilish tugagandan keyin aytish mumkinligini ta’kidlagan.

Xarajatlarga inflyatsiya, materiallar, uskunalar narxi, murakkab geologiya hamda qo‘shimcha xavfsizlik talablari ta’sir ko‘rsatadi. Xususan, xalqaro ekspertlar qo‘shimcha himoya to‘g‘onini qurish zaruratini ko‘rib chiqmoqda.

Uchinchi agregat 2027-yilning uchinchi choragida ishga tushirilishi kutilmoqda. Hozirda Rog‘unda 2018 va 2019-yillarda ishga tushirilgan ikkita agregat ishlab turibdi. 2025-yilda ular 1,6 milliard kVt soatdan ortiq, 2026-yilning birinchi yarmida esa 675 million kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqardi.

Qurilish yakunlangach, Rog‘un GESning quvvati 3780 MVt, yillik ishlab chiqarish hajmi esa qariyb 14,4 mlrd kVt soatni tashkil etadi.

Rog‘un GES yoxud Tojikistonning “asr loyihasi”

Rog‘un GES Dushanbedan 110 kilometr uzoqlikda Vaxsh daryosida joylashgan bo‘lib, mintaqadagi eng yirik inshoot hisoblanadi. Uni qurish 1976-yilda boshlangan, ammo SSSR parchalanganidan so‘ng qurilish to‘xtatib qo‘yilgan.

Keyinchalik Tojikiston o‘z mablag‘lari, xalqaro fondlar va tashkilotlarning mablag‘larini jalb qilgan holda GES qurish bo‘yicha ishlarni davom ettirdi. Oltita agregatdan hozircha ikkitasi ishga tushirilgan. Ekologlar Rog‘un suv omboridan foydalanish Amudaryo quyi oqimidagi noyob ekotizimlar degradatsiyasini yana 60–100 yilga cho‘zishidan xavotirda.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar