Daryo

Mojtaba Xomanaiy aks etgan ilk video e’lon qilindi

Mehr agentligi tarqatgan videoda Eron oliy rahnamosi bir guruh shaxslar bilan suhbatlashayotgani aks etgan. Video qachon va qayerda suratga olingani noma’lum.

1 daqiqa o‘qish20 792 ko‘rishlar0 izoh12

Eronda mamlakat oliy rahnamosi Mojtaba Xomanaiy aks etgan video e’lon qilindi. Tasvir Mehr axborot agentligi tomonidan tarqatildi.

8-avgust kuni e’lon qilingan videoda Mojtaba Xomanaiyning bir guruh shaxslar bilan suhbatlashayotgani aks etgan. Biroq video qachon va qayerda suratga olingani, shuningdek, kadrdagi odamlarning shaxsiga aniqlik kiritilmagan.

Ushbu video Mojtaba Xomanaiyning salomatligi borasidagi turli taxminlarni rad etish maqsadida e’lon qilingan bo‘lishi mumkin. U 28-fevral kuni AQSH va Isroil hujumlari oqibatida halok boʻlgan otasi — Oyatulloh Ali Xomanaiyning oʻrnini egallagan edi. Mojtaba Xomanaiy hujumlarda olgan jarohati va xavfsizlik tufayli hamon ommaga koʻrinish bermadi.

U iyul oyida otasining dafn marosimida ham qatnashmadi. Janozada Xomanaiyning uch o‘g‘li — Mustafo, Meysam va Mas’ud ko‘rinish berdi. Marhum rahnamo 10-iyulga o‘tar kechasi Imom Rizo maqbarasida dafn etilgandi.

Hozirda AQSH va Isroil razvedkasi Mojtaba Xomanaiyning joylashuvini, tirik yoki yoʻqligini aniqlash ustida ishlamoqda. Ta’kidlanishicha, oliy rahnamo taxminan 150 kundan beri telefondan foydalanmagan, kompyuter ishlatmagan va maxfiy boshpanada yashirinib kelmoqda.

“Mojtaba telefondan foydalanmayotgan boʻlishi mumkin, unda aloqaning boshqa usullari, masalan, kichik qogʻoz parchalari bor”, degan “Mossad” boʻlimining sobiq rahbari Rami Igra.

Uning soʻzlariga koʻra, Eron hukumati oliy rahnamoga axborot yetkazishda koʻp qatlamli kuryerlar tarmogʻidan foydalanadi. Kuryerlar maktubning mohiyatini bilmagan holda, uni faqat qoʻldan qoʻlga yetkazadi. Igra Eron oliy rahnamosiga chiqishning yagona real yoʻli u bilan aloqada boʻlgan agentni yollash ekanini ta’kidlagan. Biroq Xomanaiyning atrofidagi har bir shaxs oʻta qattiq tekshiruvdan oʻtkaziladi.

7-avgust kuni Isroil ommaviy axborot vositalari Mojtaba Xomanaiy “oʻta ogʻir ahvolda” ekani haqida xabar bergandi. Uning hozirgi yashash joyi va mamlakatni boshqarish salohiyati shubha ostiga olingan. Mojtaba Xomanaiydan videomurojaatlar va ovozli xabarlar yo‘qligiga qaramay, uning bayonotlari Eron davlat agentliklari tomonidan tarqatilmoqda.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar