Daryo

Janubiy Koreyada chaqalog‘ini o‘ldirganlikda ayblangan ayol oqlandi

Sud 8 oylik homilasini oldirgan va uch yil qamoqqa hukm qilingan ayol chaqalog‘ining o‘limiga bevosita aloqador emas degan qarorga keldi. Operatsiyani bajargan va aybini tan olgan shifokorlarning esa jazosi yengillashtirildi.

1 daqiqa o‘qish4 893 ko‘rishlar0 izoh3

Janubiy Koreya apellyatsiya sudi 36 haftalik homiladorligini tugatgan va qotillikda ayblangan ayolni oqladi. Bu haqda BBC xabar berdi.

20 yoshli Kvon familiyali ayol 2024-yilda YouTube’da 8 oylik homiladorligini tugatgani haqida video joylagan edi. Bu jamoatchilik va Sog‘liqni saqlash vazirligining keskin e’tiroziga sabab bo‘ldi. Ish yuzasidan surishtiruv boshlandi.

Prokurorlar chaqaloq kesarcha kesish amaliyoti orqali tirik tug‘ilgani va keyinchalik muzlatgichga solib o‘ldirilganini bildirdi. 2026-yil mart oyida birinchi sud ayolga 3 yillik shartli qamoq jazosi bergandi. Operatsiya qilgan jarroh 4 yilga, shifoxona direktori esa 6 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi.

Biroq apellyatsiya sudi ayolni oqladi. Advokatning ta’kidlashicha, vositachi ayolga bola o‘lik tug‘ilishini aytgan va u chaqaloq o‘ldirilishini bilmagan. Shuningdek, jarrohning jazosi 2,5 yilga, shifoxona direktorining jazosi esa 4 yilga qisqartirildi. Ikki shifokor ham chaqaloqni o‘ldirganini tan olgan.

Ma’lum bo‘lishicha, ayol homiladorligini kech — 7-oyda bilib qolgan. U barqaror daromadi yo‘qligi va homiladorlik paytida spirtli ichimlik ichib, chekkani uchun homilani oldirishga qaror qilgan.

Ma’lumot o‘rnida, Janubiy Koreyada 2019-yilda abort qilish taqiqi bekor qilingan. Ammo parlament shu kunga qadar abortning aniq muddatlari va tartibini belgilovchi qonun qabul qilmagan. Bu holat mamlakatda huquqiy noaniqlikni keltirib chiqarmoqda. Avvalroq Avstraliyada bir yo‘ldoshda to‘rt egizak dunyoga kelgani haqida xabar berilgandi.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar