Avstraliyalik ayol “ekstremal xavfli” deb baholangan homiladorlikdan so‘ng 14-iyul kuni bitta yo‘ldoshni bo‘lishadigan to‘rt egizakni dunyoga keltirdi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Homiladorlikning 28-haftasi va 4-kunida kesarcha kesish orqali dunyoga keltirilgan to‘rt qiz monozigotik egizak hisoblanadi. Bunda bitta urug‘langan tuxum hujayra to‘rtta embrionga bo‘linadi.
34 yoshli ona Jenitar Na’amoana va uning eri Jortamning aytishicha, ular to‘rt egizak kutayotganini eshitganda juda hayratda qolgan. Homiladorlikning boshidanoq onaga g‘amxo‘rlik qilgan akusher Aleksa Bendall bir yoʻldoshda to‘rt egizak “har 15 millionta homiladorlikdan birida” uchrashini ta’kidladi. Bunday homiladorlik juda xavfli hisoblanadi. Shu sababli shifoxona onani 25-haftada statsionarga yotqizib, doimiy nazorat ostiga olgan.
“Biz homiladorlikni 28-haftagacha olib bora olsak, yaxshi natijaga erishgan bo‘lamiz, derdik. Shu tariqa 28 hafta va 4 kunda tug‘ilgan to‘rtta chiroyli, sog‘lom chaqaloq borligi aql bovar qilmaydigan holat va buning bir qismi bo‘lganimizdan juda xursandmiz”, dedi Bendall.
Yangi tug‘ilgan qizlarga Emili, Garriet, Ketrin, shuningdek, Alexa Bendall sharafiga Aleksa deb nom berilgan. Chaqaloqlar to‘liq muddatga yetguniga qadar shifoxonaning neonatal intensiv terapiya bo‘limida qoladi.
“Hozirda ular juda yaxshi ahvolda”, dedi Bendall.
Ota-onaning bir yoshdan 10 yoshgacha bo‘lgan boshqa farzandlari ham bor. Ayol yaqinda kamida 10 o‘rindiqli furgon sotib olishga yordam berish uchun onlayn mablag‘ yig‘ish kampaniyasini boshladi. Na’amoana allaqachon 37 ming Avstraliya dollaridan ortiq mablag‘ toʻplagan.
Tabiiy ravishda homilador bo‘lib tug‘ilgan to‘rt egizaklar nihoyatda kam uchraydi. Shifokorlar bunday holat taxminan har 700 mingta tug‘ruqdan birida kuzatilishini aytadi.
Avvalroq Hindistonda 1 oylik chaqaloq qornidan ikkita homila topilgandi, oʻshanda jarrohlar ikkinchi rivojlanmay qolgan embrionni olib tashlagan. Shuningdek, AQSHda olimlar ilk bor inson teri hujayrasidan olingan DNKni spermatozoid bilan birlashtirib, embrion yaratishga muvaffaq bo‘lgandi. Ushbu innovatsion usul kelajakda turli sabablarga ko‘ra, masalan, yoshi katta bo‘lishi yoki kasallik tufayli farzand ko‘rish imkoniyati bo‘lmagan insonlarga ota-ona bo‘lish umidini bera oladi.








