Yaman husiylari kemalarni Qizil dengizdagi Saudiya Arabistoni portlaridan foydalanmaslikka chaqirib hujum qilish bilan tahdid qildi. Bu haqda The Guardian xabar berdi.
Guruh 20-iyul kuni Saudiyaga qarshi dengiz blokadasi o‘rnatilganini e’lon qilgandi. Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi husiylar dengizchilik kompaniyalariga ogohlantirish yubordi.
Husiy tahdidlari Eronning Arab yarimorolining boshqa tomonidagi kemalarga tahdidlari bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelmoqda. Bu holat Saudiyaning yirik neft eksportiga ta’sir qilishi va hududdagi inqirozni yanada chuqurlashtirishi mumkin.
Tahdid jiddiy qabul qilinmoqda. Saudiya neftini Xitoy va Hindistonga olib ketayotgan uchta kema 21-iyul kuni yo‘nalishini o‘zgartirdi. Ular Qizil dengizning husiylar nazoratidagi hududidan uzoqlashib, Suvaysh kanali tomonga burildi. Husiylar esa oltita kema yo‘nalishini o‘zgartirganini aytmoqda.
AQSH prezidenti Donald Tramp 21-iyul kuni Oq uyda Livan prezidenti Jozef Aun bilan uchrashdi. Unda Tramp agar husiylar tahdidlarini amalga oshirsa, AQSH chora ko‘rishga majbur bo‘lishini aytdi.
“Biz avval ham husiylarga qarshi chora ko‘rganmiz. Shundan beri ulardan sado chiqmayotgan edi”, dedi u.
Ushbu tahdidlar Eron va AQSH o‘rtasidagi bitim buzilganidan keyin yuzaga keldi. Diplomatlar kelishuvni saqlab qolishga urinmoqda. Biroq tomonlar 10 kundan beri urushni davom ettirmoqda. Eron ichki ishlar vaziri Iskandar Mo‘miniy mojaroda muhim vositachi sifatida Pokistonga tashrif buyurdi.
Manbalarga ko‘ra, parda ortida har ikki tomon vaziyatdan chiqish yo‘lini izlamoqda. Axios nashrining yozishicha, Tramp ma’muriyati urushni kuchaytirish yoki yangi muzokaralar uchun 10 kunlik otashkesim e’lon qilishni ko‘rib chiqmoqda.
Husiylar Yaman shimolini, jumladan, Qizil dengizning janubidagi Bob al-Mandeb bo‘g‘ozini nazorat qiladi. Ular ushbu suv yo‘li yopilganini rasman e’lon qilmadi. Ammo Saudiya portlariga boradigan kemalarga tahdid qilgani xavfsizlik borasida jiddiy xavotir uyg‘otdi. Ushbu yo‘lak orqali dunyo dengiz savdosining 7 foizi o‘tadi.
Ta’kidlanishicha, husiylar 20-iyul kuni yuk tashuvchi kompaniyalarga elektron xat yuborgan. Unda Saudiya portlarida yuk ortish va tushirish taqiqlangani aytilgan. Aks holda kemalar istalgan joyda hujumga uchrashi mumkinligi haqida ogohlantirilgan.
“Kompaniyangizga barcha bitimlarda ehtiyotkor bo‘lishni tavsiya etamiz”, deyiladi husiylar xatida.
2023 va 2025-yillar oralig‘ida husiylar qayiqlar, dronlar va raketalar bilan 100 dan ortiq tijorat kemalariga hujum qilgan. Oqibatda eni taxminan 37 kilometr bo‘lgan bo‘g‘oz judayam xavfli hududga aylangan.
Husiylar Ar Riyod bilan ko‘p yillik adovatga ega va ilgari ham Saudiya energetika obyektlariga hujum qilgan. Eron esa Yamanni global energiya yetkazib berishni bo‘g‘ishga qaratilgan kengroq mojaroga tortishga urinmoqda. Eron ilgari ham, agar AQSH uning energetika infratuzilmasiga hujum qilishda davom etsa, husiylardan Bob al-Mandebni yopishni so‘ragan edi.
Dunyo neft va gaz yetkazib berishining 25 foizi Hormuz va Bob al-Mandeb bo‘g‘ozlari orqali o‘tadi. Shuning uchun ushbu yo‘llardagi har qanday cheklov global iqtisodiyotga katta ta’sir ko‘rsatadi.








