AQSH maxsus kuchlari sobiq a’zosi tashkil etgan va yillar davomida Pentagon hamda BMT bilan ishlagan logistika kompaniyasi Sudandagi isyonchilarga qurol yetkazib bergan bo‘lishi mumkin. Gap uzoq yillar eng jangovar bo‘linmalardan birida xizmat qilgan, bu vaqt ichida maxfiy missiyalar olib borish va murakkab logistika operatsiyalari bo‘yicha qimmatli tajriba orttirgan Stiven Shoulis haqida bormoqda.
U nisbatan qisqa vaqtda Pentagon va BMTning yirik pudratchisiga aylandi. Shoulisning kompaniyasi Sudanda tinch aholini genotsid qilishda ayblangan isyonchilarga qurol-yarog‘ yetkazib bergan bo‘lishi mumkin. Bu haqda Reuters surishtiruvida so‘z boradi. Agentlik ekspertlariga ko‘ra, kompaniya eskirgan Boeing samolyotlari bilan jangarilarning bir qator muhim ta’minot markazlariga parvozlarni amalga oshirgan. Ammo ularda qanday yuk borligini aniqlab bo‘lmagan.
Qayd etilishicha, 63 yoshli faxriy Stiven Shoulis Singapurda joylashgan va ilgari Central Asia Development Group nomi bilan tanilgan CADG kompaniyasiga egalik qiladi. U taxminan 20 yildan buyon AQSH davlat organlari va Birlashgan Millatlar Tashkiloti institutlari bilan hamkorlik qilib, bu orqali daromad ko‘rib keladi. Reuters tanishgan hujjatlarga ko‘ra, Shoulisga tegishli kompaniyalar harbiy va gumanitar yuklarni tashish orqali amerikalik soliq to‘lovchilar hisobiga kamida 419 million dollar ishlab topgan.
Kargo firmasi, shuningdek, Afg‘onistonda AQSH qo‘shinlari uchun infratuzilma barpo etish, Iroqda harbiylarni sovitish tizimlari bilan ta’minlash hamda Keniyada AQSH Mudofaa vazirligi uchun aerodrom qurish kabi vazifalarni ham bajargan. Ma’lum bo‘lishicha, kompaniya aviaparkida eskirgan Boeing samolyotlaridan kamida uchta mavjud. Ular yordamida Sudan isyonchi harakati — Tezkor reaksiya kuchlari (RSF — The Rapid Support Forces) uchun muhim logistika tugunlariga parvozlar amalga oshirilgan. Ushbu qurolli harakatga aloqador tuzilmalar AQSH, Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya va BMT tomonidan qora ro‘yxatga kiritilgan.
Reuters surishtiruviga ko‘ra, Shoulisni fosh qilgan dastlabki alomatlar 2025-yilning may oyida ko‘zga tashlangan. O‘shanda Sudan harbiylari isyonchilar uchun muhim hisoblangan Nyala aeroportida egasi noma’lum Boeing-737 samolyotini yo‘q qilgandi. Mutaxassislarining aniqlashicha, havo zarbalari oqibatida halok bo‘lgan 54 kishidan 51 nafari jangarilar bo‘lgan.
Korporativ va mehnat hujjatlaridan ma’lum bo‘lishicha, yo‘q qilingan samolyot uchuvchisi va yerusti muhandisi Shoulis tomonidan yollangan va Birlashgan Arab Amirliklarida ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyada ishlagan. Reuters, shuningdek, Shoulis firmalariga aloqador bo‘lgan yana ikkita Boeing-727 samolyotini aniqladi. Ularning joylashuvi 2024-yil oktyabr oyidan so‘ng Braziliya va AQSHdan Chadga o‘zgartirilgan. Shundan so‘ng samolyotlar Sudan isyonchilari uchun muhim ta’minot markazlariga parvozlarni amalga oshirgan.
Biroq mutaxassislar samolyotlarning aniq faoliyati, parvoz xarajatlarini kim moliyalashtirayotgani va hujumga uchragan samolyotda nimalar tashilganiga aniqlik kirita olmagan. Shoulisning o‘zi, shuningdek, Sudanda urishayotgan har ikkala tomon Reuters savollariga batafsil javob berishdan bosh tortgan.
Amerikalik tadbirkorning ushbu jarayonlarga aloqadorligi ma’lum bo‘lgach, Sudandagi fuqarolar urushining ishtirokchilar safi yanada kengaydi. Birlashgan Arab Amirliklari isyonchilarni qo‘llab-quvvatlaydigan asosiy tashqi kuch sifatida ko‘rilyapti. Inson huquqlari tashkilotlari, AQSH qonunchilari va BMT ekspertlariga ko‘ra, mamlakat Tezkor reaksiya kuchlarini qurol-yarog‘, yollanma askarlar va boshqalar bilan faol dastaklayapti. Abu Dabi esa Sudandagi mavjudligini insonparvarlik yordami yetkazish bilan izohlamoqchi bo‘ladi. Sudanning xalqaro tan olingan hukumatiga kelsak, ular Misr, Turkiya, Saudiya Arabistoni va Qatar kabi mintaqaviy kuchlardan yordam oladi.
Reuters o‘z surishtiruvini korporativ yozuvlar, aviatsiya reyestrlari, oldi-sotdi va mehnat shartnomalari, sun’iy yo‘ldosh tasvirlari, parvozlarni kuzatish ma’lumotlari, geolokatsiya ko‘rsatkichlari va ijtimoiy tarmoqlar tahliliga asosan tayyorladi. Agentlik, shuningdek, 40 dan ortiq shaxs, jumladan, razvedka xodimlari, diplomatlar, aviatsiya mutaxassislari hamda qurol-yarog‘ va mintaqaviy siyosat bo‘yicha ekspertlar bilan suhbatlashdi.
Mojaro haqida
Sudan bundan 70 yil avval mustaqillikni qoʻlga kiritgan boʻlsa-da, mana shu davrning atigi 10 yili tinchlikda oʻtgan. Qolgan 60 yil ichida esa mamlakat 20 marta davlat toʻntarishi, uchta fuqarolar urushi va bir necha genotsidlarni boshdan kechirgan. Bu ham yetmagandek, mamlakat ikkiga boʻlinib ketgan: Sudan va Janubiy Sudan.
Mojaroning hozirgi fazasi 2023-yilda boshlangan. Ammo ziddiyat ildizlarini undan uzoqroqdan izlash kerak. Fuqarolar urushiga ikki qo‘mondonning hokimiyat va resurslar uchun kurashi sabab bo‘lgan. 2019-yili General Abdul Fattah al-Burhan va Muhammad Hamdan Dagalo o‘zaro til biriktirib, Sudanni 30 yil boshqargan diktator Umar al-Bashirni taxtdan ag‘dargan. 2021-yili esa birato‘la fuqarolik hukumatiga barham berib, xunta hokimiyatini o‘rnatishgan. Biroq tandem uzoq davom etmagan.
Urush boshlangandan beri isyonchilar hamda ularning yetakchisi Muhammad Hamdan Dagalo qurol-yarog‘ va boshqa boyliklarning ulkan arsenalini to‘pladi. U Abdel Fattah al-Burhan boshchiligidagi hukumat kuchlariga qarshi turish uchun xorijiy ittifoqchilar yordamiga tayanadi.
“Bu harbiy ta’minot tizimi juda keng bo‘lib, u ko‘plab xorijiy davlatlar, har xil xalqaro kompaniyalar va vositachilarni o‘z ichiga oladi. Isyonchilar bir qancha havo va quruqlik ta’minot yo‘nalishlariga, logistika provayderlariga hamda turli vositachilarga tayanib kelmoqda”, deydi Small Arms Survey tashkilotining Sudan bo‘yicha koordinatori Kristofer Karlson.
Shoulisga tegishli Boeining samolyotlari mana shu ta’minot mexanizmining bir murvati hisoblanadi. Ular Chad, Liviya va Somalidagi havo tugunlarini isyonchilar nazoratidagi Darfur bilan bog‘lashga xizmat qilmoqda. BMT ekspertlari, razvedka xodimlari, diplomatlar va harbiy tahlilchilarning fikricha, bu al-Fashir shahrining 18 oylik qamali vaqti jangarilarni ta’minlashda hal qiluvchi rol o‘ynagan.
Reuters’ning parvozlarni kuzatish ma'lumotlari, sun'iy yo‘ldosh tasvirlari va ochiq manbalardagi videolarga tayanib ma’lum qilishicha, amerikalik faxriyga aloqador uchta samolyot isyonchilar uchun muhim logistika markazlariga kamida 16 marta qo‘ngan. Ular Bosaso (Somali), Kufra (Liviya) hamda Darfurning eng yirik Nyala shaharlaridir.
Samolyotlar ko‘pincha Chad davlatining NʼDjamena aeroportiga, aniqrog‘i, uning harbiylar uchun ajratilgan qismiga joylashtirilgan. Hudud xavfsizligini ta’minlash hamda obyektga kirish tartibi mamlakat qurolli kuchlari tomonidan nazorat qilinadi. BMT ekspertlari va inson huquqlari faollarining ta’kidlashicha, sudanlik isyonchilar ushbu aeroportlardan o‘z ta’minot bazasini shakllantirish uchun muntazam ravishda foydalanib kelgan.
Xalqaro sanksiyalar bo‘yicha ekspertlarning ta’kidlashicha, RSF’ga har qanday ko‘rinishda ko‘mak berish AQSH va BMT tomonidan taqiqlangan bo‘lib, sanksiyalar qo‘llanishiga olib keladi. Cheklovlar yuk tashish, xodimlarni ko‘chirish va logistika xizmatlarini ko‘rsatish kabilarni ham o‘z ichiga oladi. BAA hukumati va AQSH Urush vazirligi Reuters’ning savollarini javobsiz qoldirgan. Sharqiy Liviya rasmiylari ham bu borada sukut saqlashni afzal ko‘rgan.
Chad tashqi ishlar vaziri Abdulay Sabre Fadul bu kabi ayblovlarni rad etdi. U o‘z bayonotida mamlakatning Sudan urushidagi ishtiroki faqat “qardosh mamlakatda tinchlikni tiklashga qaratilgan diplomatik sa’y-harakatlar” bilan cheklanishini, ularning harbiy infratuzilmasi faqat milliy mudofaa ehtiyojlari uchun ishlatilishini ma’lum qildi.
Chad Fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi bosh direktori Brahim Dadi esa Boeing-727 va Boeing-737 samolyotlarining birortasi Chad hududida parvoz qilish uchun ruxsatnomaga ega emasligini bildirdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, ushbu samolyotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish yoki parvoz sertifikatlarini berish bo‘yicha hech qanday rasmiy ariza kelib tushmagan.

Sudanda fuqarolar urushi boshlangan 2023-yildan beri harbiy harakatlar, ocharchilik va infeksiyalar sabab yuz minglab insonlar o‘lgani taxmin qilinadi. Bundan tashqari, millionlab sudanliklar o‘z uy-joylarini tashlab ketishga majbur bo‘lgan. BMT mamlakatdagi voqealarni “dunyoning eng og‘ir insonparvarlik inqirozi” sifatida baholagan.
Biroq urush jinoyatlarida ayblanayotgan tomon faqat isyonchilar emas. BMT tergovchilari va inson huquqlari tashkilotlari Sudan qurolli kuchlarini ham urush jinoyatlari, jumladan, tinch aholiga raketalar bilan yalpi zarba berish, sudsiz qatllarni amalga oshirish va boshqalarda ayblab kelmoqda.
Stiven Shoulis o‘zi kim?
Reuters materiali antiqahramoni Stiven Shoulis AQSH qurolli kuchlarining eng sara maxsus boʻlinmalaridan biri “Yashil beretlar” safida xizmat qilgan. U harbiylarni tayyorlash va taktik operatsiyalar o‘tkazish bilan shug‘ullangan. Harbiy xizmat Shoulisga ziddiyatli hududlarda logistika hamda razvedka missiyalarini bajarishdek qimmatli tajriba orttirishga yordam bergan. Iste’fodan so‘ng u bir muddat Markaziy Osiyoda qishloq xo‘jaligi va rivojlanish loyihalarida ishtirok etgan. AQSH harbiylari Afg‘onistonga bostirib kirganidan bir yil o‘tib CADG kompaniyasiga asos solgan.
CADG Dubay amirligida qariyb 7 ming metr kvadratlik ulkan omborga, Janubiy Afrika va Sudanda esa aviabazalarga ega. Kompaniya veb saytidagi maʼlumotlarga ko‘ra, u Afrika, Osiyo va Yaqin Sharqda 800 million dollarlik loyihalarni amalga oshirgan. Reuters tahlil qilgan hukumat hujjatlariga ko‘ra, kompaniya Qo‘shma Shtatlar hukumati bilan Mozambikda USAID uchun binolar qurish, Keniyada AQSH Harbiy-havo kuchlarini suv bilan ta’minlash hamda Markaziy Afrika Respublikasida harbiy inshootlar barpo etish kabilarni o‘z ichiga oladi.
Agentlik mutaxassislari tomonidan BMT ma’lumotlari bo‘yicha olib borilgan hisob-kitoblarga ko‘ra, tashkilot so‘nggi 20 yil ichida Stiven Shoulisga aloqador kompaniyalarga pudrat ishlari uchun 160 million dollardan ortiq mablag‘ ajratgan. Biroq hujjatlar to‘liq oshkor etilmagani sababli AQSH hukumati va BMT bilan shartnomalarning asl qiymati bundan ancha yuqori bo‘lishi ham mumkin.








