Dam olish kunlari O‘zbekiston bo‘yicha issiq va asosan quruq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda.
“O‘zgidromet” prognozlariga ko‘ra, respublika hududining katta qismida havo asosan kam bulutli bo‘ladi. Momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi faqat ayrim tog‘li hududlarda va 12-iyul kuni Farg‘ona vodiysida ba’zi joylarda kuzatilishi mumkin.
Kunduzi havo 37-40 darajagacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda 41-43 darajagacha isiydi. Kechasi va erta tongda havo harorati 22-27 daraja atrofida bo‘ladi.
11—12-iyulda shamol tezligi ba’zi joylarda 13-18 metr/sekundgacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zon kuzatilishi mumkin.
Toshkent, Andijon, Namangan, Farg‘ona vodiysida tog‘oldi va tog‘li hududlarda sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi ehtimoli bor.
Toshkentda asosan kam bulutli bo‘ladi. Harorat kunduz kunlari 38-40 daraja, kechalari 23-25 daraja bo‘ladi.
O‘zbekistonda iyulning ikkinchi yarmi odatdagidan issiqroq bo‘lishi kutilmoqda. Oy oxirigacha harorat 33–38 darajadan 38–43 darajagacha o‘zgarib turishi, shimoliy, cho‘l va janubiy hududlarda ayrim joylarda esa 45 darajagacha yetishi mumkin.








