Daryo

Rossiyaning qudratli havo mudofaasi Ukraina dronlarini nega toʻxtata olmayapti?

Rossiya dunyodagi eng ilg‘or havo mudofaa tizimlariga ega. Biroq Ukrainaning arzon dronlari mamlakat ichiga chuqur kirib borishga, strategik nishonlarga og‘ir talafot yetkazishga muvaffaq bo‘lyapti. Maqolada ukrainaliklar buni qanday uddalayotgani, rossiyaliklar nega o‘z osmonini himoyalay olmayotgani haqida so‘z boradi.

11 daqiqa o‘qish39 945 ko‘rishlar1 izoh19

Rossiya dunyodagi eng ilg‘or havo mudofaa tizimlariga ega. Biroq Ukrainaning arzon dronlari mamlakat ichiga chuqur kirib borishga, strategik nishonlarga og‘ir talafot yetkazishga muvaffaq bo‘lyapti. Ushbu maqolada rossiyaliklar Ukraina dronlariga qarshi qanday choralarni qoʻllayotgani, bu nima uchun ish bermayotgani hamda Rossiya havo mudofaa tizimlari zaif yoki yoʻqligi haqida soʻz boradi.

Ukraina qurolli kuchlari Rossiya ichiga zarba berishda asosan dronlar va qanotli raketalardan foydalanadi. Ularning deyarli barchasi urush sharoitidagi mamlakatda, yaʼni Ukrainaning oʻzida ishlab chiqarilgan. Jarayonda arzon xomashyo, primitiv uslublar va u qadar murakkab boʻlmagan texnologiyalardan foydalanilgan. Boshqacha aytganda, Moskvadan farqli, Kiyev ixtiyorida hozircha ballistik trayektoriya boʻylab uchadigan, soniyasiga bir necha kilometrni bosib oʻtadigan hamda parvoz davomida manyovrlarni amalga oshiradigan “Iskander” va “Kinjal” kabi qudratli raketalar yoʻq. Shunga qaramay, ruslaring havo hujumidan mudofaa tizimi tahdidlarni bartaraf eta olmayapti. Mamlakatda biror neft baza, harbiy sanoat korxonasi yoxud oʻq-dori ombori nishonga olinmagan kun deyarli yoʻq.

Havo hujumidan mudofaa tizimlari tutib olish masofasi va balandligiga koʻra toʻrt turga boʻlinadi. Ular juda qisqa, qisqa, oʻrta va uzoq masofali komplekslardir. Rossiya hozir sanab oʻtilganlarning barchasini oʻzi ishlab chiqaradi. 9K333 “Verba”, 9K38 “Igla”, Zu-23-2 hamda Zu-23-4 “Shilka” kabilar bevosita jabha chizigʻida xizmat qiladi. Tor-M2, “Pantsir”-S1 va 2K22 “Tunguska” esa biroz orqaroqda faoliyat koʻrsatadi. Oʻrta masofali zenit-raketa tizimlari sirasiga kiradigan Buk-M2, Buk-M3 va S-350 “Vityaz” kabilarga kelsak, ular yirik qoʻshinlar guruhi uchun soyabon vazifasini bajaradi. Qolaversa, strategik obyektlar muhofazasini taʼminlaydi. Gap butun boshli shaharlarni himoyalash haqida ketsa, maydonga S-300PMU, S-300V4, S-400 “Triumf” va S-500 “Prometey” kabilar chiqadi.

S-400 zenit-raketa kompleksi
Foto: Rossiya mudofaa vazirligi

Hozir sanab oʻtilgan nomlar ortida bir necha million dollarlik texnika, oʻnlab yillar davom etgan izlanish va bir qancha harbiy mojarolarda orttirilgan tajriba yotibdi. Shunga qaramay, Ukraina dronlari milliardlab dollarlik neftni qayta ishlash korxonalariga yoʻl topishga muvaffaq boʻlyapti. Ularni hatto koʻp qavatli binolar tomiga oʻrnatilgan tizimlar ham toʻxtatib qololmayapti. Buning ortidagi sabablarni muhokama qilishdan avval, rossiyaliklar dronlarga qarshi kurashish uchun safarbar etgan asosiy tizimlar va choralar haqida toʻxtalsak.

Arzoni yaxshi

Yuqorida sanab oʻtilgan S-300 va S-400 kabi tizimlar butun boshli shaharlarni muhofaza qilishga moʻljallangan. Bir qarashda, ular muayyan hudud osmonini yopib, Ukraina dronlarini kirgizmasligi kerak. Ammo nyuanslar bor. Murakkab zenit raketa komplekslari asosan ballistik raketalar, samolyot hamda vertolyot kabi nishonlarga qarshi kurashishga moʻljallangan. Past balandlikda uchadigan, hajmi samolyotdan kichikroq boʻlgan dronlarga qarshi esa boshqacharoq yondashuv kerak. Qolaversa, zenit-raketalarni ishlab chiqarish ham qimmat, ham uzoq davom etadigan jarayon hisoblanadi. 50-100 ming dollarlik dronlarga qarshi ulardan oʻnlab barobar qimmatroq raketalardan foydalanish iqtisodiy jihatdan oʻzini oqlamaydi.

Shu bois Rossiya asosiy masʼuliyatni anʼanaviy tizimlar zimmasiga yuklayapti. Mobil oʻt ochish otryadlari va statsionar zenit-artilleriya tizimlari mana shu mudofaaning dastlabki halqasi hisoblanadi. Aslini olganda, bu tajribani dastlab Ukraina tomoni “Shahed”-136 dronlariga qarshi qoʻllagan. Keyin esa uni rossiyaliklar oʻzlashtirgan. Bunday otryadlar asosan pikap yukxonasiga oʻrnatilgan pulemyot va “Igla” kabi portativ tizimlar bilan qurollantiriladi. Tungi sharoitlarda missiya bajarish uchun esa ularga projektorlar beriladi. Alohida holatlarda mobil oʻt ochish otryadlari tungi koʻrish qurilmalari, yaʼni teplovizorlar bilan ham taʼminlanadi.

Kreml yaqiniga joylashtirilgan mobil o‘t ochish otryadi
Foto: AFP

Mobil oʻt ochish otryadlari radarlardan olingan maʼlumotlar asosida dron yoʻnalishiga chiqib, uni kutib turadi. Statsionar zenit-artilleriya tizimlari esa, oʻz nomi bilan, bir nuqtada turadi. Ularni aerodromlar, harbiy bazalar, oʻq-dori va yonilgʻi omborlari yaqiniga, hatto koʻp qavatli binolar tomiga joylashtirish mumkin. Bu vazifa uchun sovetlarning Zu-23-2 tizimlaridan foydalaniladi. Ular daqiqasiga maksimum 2000 ta oʻq uzib, 2,5 km balandlikdagi havo tahdidlarini zararsizlantira oladi. Ammo bu kabi tizimlar nishonga olishda primitiv metodlardan foydalangani bois aniqlik koʻrsatkichi bilan maqtana olmaydi. Darvoqe, Zu-23-2 nafaqat statsionar tartibda ishlaydi, balki uni yuk mashinasiga oʻrnatib, mobil tizimga aylantirsa ham boʻladi.

Soʻnggi vaqtlarda Rossiyada Ukrainaning uzoq masofali pilotsiz parvoz qurilmalariga qarshi tutib oluvchi dronlarni qoʻllash ham ommalashyapti. “Yolka” shular jumlasidan. Soddaroq aytganda, u ham nishonga oʻzini borib uradigan kamikadze dron hisoblanadi. Biroq “Yolka” quruqlik emas, osmondagi qurilmalarni moʻljalga oladi. Tizim toʻliq avtomatlashtirilgan boʻlib, “ot va unut” tamoyili asosida ishlaydi. Yaʼni nishonni sunʼiy intellekt yordamida topadi. Infraqizil kamera esa dronni undan chiqayotgan issiqlik iziga qarab taʼqib qilish imkonini beradi. Eng muhimi, “Yolka” tutib oluvchisi zenit-raketalardan ancha arzon boʻlib, baʼzi manbalarga koʻra ishlab chiqarish tannarxi 500-1000 dollarga tushadi.

“Pantsir”

Hozir sanab oʻtilgan tizim hamda vositalar tahdidlarni zararsizlantirish uchun nishonni vizual ravishda koʻrishi talab etiladi. Biroq “Tor”-M2, “Pantsir”-S1 va 2K22 “Tunguska” kabilar buni 20 kmgacha masofadan bajara oladi. Boisi — ularda ilgʻor radarlar, shuningdek, nishonlarni issizlik izlariga qarab aniqlaydigan elektrooptik sensorlar mavjud. Shu sabab mazkur tizimlarni frontning old jabhasiga olib chiqishga hojat yoʻq.

Qolaversa, “Pantsir”-S1 va 2K22 “Tunguska” kabilar yaqin masofadagi nishonlarni zararsizlantirish uchun avtomatik toʻpga ega. Ular maksimum 4 km uzoqlik va 3 km balandlikdagi dron, qanotli raketa, vertolyot hamda ayrim samolyotlarni 30 mm kalibrli snaryadlar bilan urib tushirishga moʻljallangan. Taʼkidlash joiz, bu kabi tizimlar Zu-23- hamda mobil oʻt ochish otryadlaridan farqli, nishonlarga palapartish oʻt ochmaydi. Balki raqamli oʻt ochish tizimi snaryad va nishon uchrashadigan nuqtani avtomatik hisoblab, yuqori aniqlikni taʼminlaydi.

Gap mobillik va texnik imkoniyatlar haqida ketganda, “Pantsir” tizimi dronlarga qarshi eng optimal variant hisoblanadi. Shu bois u hozir Rossiya harbiy sanoat kompleksi tomonidan eng koʻp ishlab chiqarilayotgan havo mudofaa tizimiga aylangan. Ochiq manbalarga koʻra, muayyan iqlim sharoiti, jangovar talablar va buyurtmachi xohishiga qarab “Pantsir”ning 8 ta modeli ishlab chiqilgan. Uchuvchisiz uchish tizimlariga qarshi esa alohida “Pantsir”-SM-DE versiyasi mavjud. Rossiya uni bundan ikki yil avval Abu-Dabi shahrida oʻtgan IDEX-2025 koʻrgazmasida xalqaro jamoatchilikka namoyish qilgan. “Daryo” muxbiri mazkur tizim haqida oʻshanda voqea joyidan xabar bergandi.

Mazkur tizim oʻz sheriklaridan bir necha jihatlarga koʻra farqlanadi. Birinchidan, “Pantsir”-SM-DE modelida 30 mm kalibrli avtomatik toʻp yoʻq. Muhandislar buning oʻrniga asosiy eʼtiborni kichik hajmli zenit raketalarga qaratgan. “Pantsir”ning avvalgi versiyalari ikki bosqichli murakkab zenit-raketalardan foydalanadi. Ularning soni 12 taga yetadi. Har biri raketaning uzunligi 3,2 metrni, vazni esa taxminan 94 kgni tashkil etadi. Bu esa, oʻz navbatida, arzon dronlarga qarshi narx dilemmasini yana muhokamaga olib chiqadi. Shu bois rossiyalik muhandislar tizim uchun maxsus mini raketalarni ishlab chiqqan.

Shunday qilib, “Pantsir”-SM-DE ham 12 tagacha standart raketalarni, ham 48 tagacha mini-raketalarni uchira oladi. Ulardan birinchisi 20 km, ikkinchisi esa 7 km masofadagi tahdidlarni zararsizlantirishi mumkinligi aytiladi. Biroq modernizatsiya jarayoni faqat raketalar bilan cheklanmagan. Yangi modelning radar imkoniyatlari ham yaxshilangan. U bir vaqtning oʻzida 40 ta nishonni kuzatishi mumkin. Qolaversa, “Pantsir”-SM-DE modulli dizayn asosida ishlab chiqilgan boʻlib, uni turli platformalarga oʻrnatish imkoniyati bor. Yuk mashinalari, gusenitsali platforma va boshqalar shular jumlasidan. Shu bilan birga, tizimni muayyan nuqtaga joylashtirib, 500 m uzunlikdagi optik tola yordamida masofadan boshqarsa boʻladi. Ayni shu xususiyat sabab Rossiya Mudofaa vazirligi uni koʻp qavatli binolar tomiga faol oʻrnatmoqda. Bu baland imoratlar radar toʻlqinlarini toʻsib qolishining oldini oladi.

Gap “Pantsir” tizimining samaradorlik koʻrsatkichi haqida ketganda, unga bir vaqtning oʻzida ham salbiy, ham ijobiy baho bersa boʻladi. Tizim 2012-yili Suriyada turklarning RF-4E “Phantom” samolyotini, 2022-yili esa Liviyada Qoʻshma Shtatlarning MQ-9 Reaper dronlarini urib tushirgan. “Pantsir” va “Bayraktar” TB-2 oʻrtasidagi kurashda esa har ikkala tomon oʻz hisobiga bir necha ochkolarni yozib qoʻygan. Ushbu kompleks Ukraina urushida ham faol qoʻllanildi. Biroq tizim qanday nishonlarni urib tushirgani haqida ochiq manbalarda ishonchli maʼlumot topib boʻlmaydi. Biroq talafotlar ham kam emas. ORYX portal maʼlumotlariga koʻra, Rossiya keng koʻlamli urush boshidan buyon ayni shu modeldagi kamida 48 ta texnikadan ayrilgan.

Ukrainada yo‘q qilingan “Pantsir-S1” tizimi
Foto: Ukraina nashrlari

Rossiya havo mudofaasi pand berdimi?

Rus armiyasi, floti hamda harbiy havo kuchlari Ukrainaga zarba beruvchi qurollarning butun spektriga ega. Roʻyxatda dronlar, aviabombalar, qanotli va ballistik raketalarni topish mumkin. Rossiyaliklar hatto P-800 “Oniks” kemaga qarshi raketalarining sozlamalarini oʻzgartirib, Odessa kabi qirgʻoq shaharlariga qarshi qoʻllayapti. Ukrainaliklar esa javob qaytarish uchun asosan dronlarga tayanadi. Vaqti-vaqti bilan “Flamingo” kabi kam sonli qanotli raketalardan ham foydalaniladi. Ballistik raketa tizimlariga kelsak, ular hozircha Ukraina armiyasi ixtiyorida mavjud emas. Shunga qaramay, Rossiyaning yuqorida sanab oʻtilgan havo mudofaa tizimlari mamlakatni Ukraina dronlaridan himoyalay olmayapti. Natijada strategik infratuzilma obyektlarining jiddiy zarar koʻrishiga, shuningdek tinch aholidan ham qurbonlar berilishiga sabab boʻlyapti.

Buni bir qancha omillar bilan izohlash mumkin. Avvalo miqdor faktorini eʼtibordan qochirmaslik kerak. Ukrainaliklar Rossiya nishonlariga qarshi deyarli har kuni yuzlab dronlarni baravar uchiradi. Tabiiyki, nishonlar qanchalik koʻp boʻlsa, ularni urib tushirish ham shunchalik qiyinlashadi. Rossiya Mudofaa vazirligining daʼvo qilishicha, joriy yil may oyining oʻzida Ukraina kuchlarining rekord miqdordagi — 8 973 ta uzoq masofali droni urib tushirilgan. Bungacha eng yuqori koʻrsatkich 2026-yilning mart oyida qayd etilgan boʻlib, 7 551 tani tashkil etgan edi. Moskva tomonidan ilgari surilgan statistikaning haqqoniyligini mustaqil ravishda tekshirish imkonsiz boʻlsa-da, raqamlar hujumlar dinamikasi yuqorilab borayotganini koʻrsatadi.

Rossiyaliklar Ukraina dronlariga qarshi mobil zenit-artilleriya tizimi va pulemyotdan o‘q uzmoqda
Foto: TASS

Qolaversa, bu yerda hudud kattaligi faktori ham rol oʻynaydi. Ukrainada yirik aholi maskanlari bir-biriga yaqin joylashgan yoki bittasiga olib boradigan yoʻlni boshqasi toʻsib turadi. Bu esa kuchlarni muayyan nuqtalarga konsentratsiyalash imkonini beradi. Rossiyada esa strategik obyektlar, hatto shaharlar oʻrtasida yuzlab, baʼzan esa minglab kilometr masofa mavjud. Bu esa usiz ham taqchil boʻlgan, frontda va front ortida birdek kerak boʻladigan havo mudofaa tizimlarini ustuvorlikka asosan taqsimlashga majbur qiladi. Kuchlar tarqatib yuborilgach oʻz-oʻzidan boʻshliqlar, zenit-raketa kompleksi taʼsir zonasiga kirmaydigan hududlar koʻpayadi. Qolaversa baʼzi holatlarda koʻp qavatli binolar radar toʻlqinlarini toʻsib, dronlarning uzoq muddat aniqlanmay parvoz qilishiga sabab boʻladi. Eng muhimi, Ukraina Xavfsizlik xizmati har bir hujum oldidan razvedka maʼlumotlarini tahlil qilib, dronlar uchun xavfsiz marshrutlarni belgilaydi.

Ammo bu ham hammasi emas. Ukraina kamikadze dronlar bilan birga nisbatan kichikroq chalgʻituvchi dronlarni ham uchiradi. Ular jangovar kallaksiz boʻlib, havo mudofaa tizimlarini oʻziga jalb etishga va shu orqali koridor ochishga xizmat qiladi. Rossiya ham xuddi shu taktikadan keng foydalanadi. Rus harbiylari “Geran-2” dronlari bilan parallel ravishda “Gerbera” uchuvchisiz uchish qurilmalarini havoga koʻtaradi. Shunga qaramay, Ukraina Rossiya uchirgan dronlarning 90 foizini, Rossiya esa 70-80 foizini tutib oladi. Ukrainaliklarning bu boradagi ustunligini yuqorida sanab oʻtilgan omillarga qoʻshimcha ravishda yana bir faktor bilan izohlasa boʻladi. Gap shundaki, Rossiyada uzoq masofaga moʻljallangan kamikadze dronlar ishlab chiqarish bilan asosan bitta subyekt shugʻullanadi. Tataristonning “Alabuga” erkin iqtisodiy zonasida joylashgan korxona Rossiya qurolli kuchlariga “Geran” seriyasidagi uchuvchisiz uchish tizimlarini yetkazib beradi.

Ushbu modellar Eronning “Shahed” oilasiga asoslangan boʻlib, rus muhandislari tayyor ishlanmalarni takomillashtirib kelmoqda. Ukrainada esa bu vazifa bilan ham davlat, ham xususiy sektor shugʻullanadi. Yirik kompaniyadan tortib, kichik texnologik laboratoriyalarga qadar davlat buyurtmalarini qoʻlga kiritish uchun raqobatlashadi. Natijada mamlakat qurolli kuchlariga texnik imkoniyatlari muntazam yangilanadigan, eng muhimi, biri boshqasini takrorlamaydigan dronlar yetkazib beriladi. Bu rossiyaliklar uchun ularga qarshi kurashishni qiyinlashtiradi. Boisi turli dronlar taktik xilma-xillik va kutilmagan kombinatsiyalar keltirib chiqaradi.

"Shahed-136" dronlarini ishlab chiqarish jarayoni

Foto: "Zvezda" kanali

Qolaversa, havo mudofaa tizimlari, xususan radarlar ularning hammasiga qarshi birdek natija koʻrsata olmaydi. Ukrainaliklar esa “Geran-2”, “Geran-3” va “Geran-5” modellariga qarshi kurashishlari kerakligini yaxshi bilishadi. Baʼzi kichik oʻzgarishlarni hisobga olmasa, ularning tezligi, parvoz balandligi, shovqini, radarlarda qanday aks etishi va foydalaniladigan chastotalari oʻzgarmay keladi.

Ukraina qurolli kuchlari 14-alohida polki asoschisiga koʻra, Rossiya ichiga berilgan uzoq masofali zarbalar samarasining multiplikatori 1-100 nisbatga yetishi mumkin. Yaʼni ukrainaliklar bunday hujumlarga sarflangan bir dollar evaziga dushmanida yuz dollar zarar yetkazmoqda. Biroq u talafotlarning aniq qiymatini hisoblash murakkab jarayon ekanini taʼkidladi. Shuningdek, bunday zarbalarning puldan boshqa oʻlchami ham borligini aytdi.

“Bu yerda baʼzan yetkazilgan zararni anglash jarayoni oylarga choʻziladi. Masalan, siz qaysidir korxona yoki harbiy obyekt faoliyatini toʻxtatib qoʻydingiz. Yoki, aytaylik, harbiy aerodromga qarshi operatsiya oʻtkazildi. Siz ushbu aerodromni ishdan chiqardingiz, ular esa oʻz samolyotlarini boshqasiga koʻchirishdi. Natijada parvoz masofasi uzaydi va ular parvozlarni kuniga uch martadan ikki martaga qisqartirishga majbur boʻladi. Bu bizning oldingi chiziqdagi pozitsiyalarimizga bosimni kamaytirdi. Binobarin, biz askarlarimiz hayotini saqlab qoldik. Buni qanday qilib pulda hisoblash mumkin?”, deya tushuntiradi u.

Ukrainaning uzoq masofaga moʻljallangan zarbalari Rossiyaning, ayniqsa, yonilgʻi-energetika sektoriga jiddiy bosim oʻtkazyapti. Neft bazalari va qayta ishlash korxonalariga hujumlar sabab yonilgʻi inqirozi kelib chiqqan. Mamlakatning deyarli barcha hududlarida benzin va dizel narxi oshgan, qolaversa cheklovlar joriy etilgan. Mana shu cheklovlar fonida Rossiya oʻzi neft sotadigan davlatlardan benzin soʻrashga majbur boʻlyapti. Taqchillik hatto fuqaro aviatsiyasi sektoriga ham taʼsir koʻrsatmoqda. Ukraina bularning bariga uzoq masofaga moʻljallangan kamikadze dronlar yordamida erishdi.

Andijonlikman, Toshkentda yashayman. Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tamomlaganman. “Daryo” tahririyatida 2024-yil noyabr oyidan buyon muxbir sifatida ishlayman va siyosiy, ijtimoiy hamda harbiy yoʻnalishlarga ixtisoslashgan materiallar tayyorlayman. “If qaʼlasining mahbusi” filmini miriqib tomosha qilaman. Lev Tolstoyning asarlarini, ayniqsa, “Urush va tinchlik”ni yoqtiraman.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar