Andijon viloyati Asaka tumanida turmush o‘rtog‘ini maktab binosida pichoqlab o‘ldirgan erkakka 19 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. “Daryo” sud hujjatlari bilan tanishdi.
Sud hujjatlariga ko‘ra, er-xotin o‘rtasida uzoq vaqt davomida oilaviy kelishmovchilik kuzatilgan. Janjallar oqibatida ayol bir necha marta farzandlari bilan ota-onasining uyiga ketgan. Erkak esa munosabatlarni tiklash maqsadida o‘zi yashab turgan uyni notarial tartibda turmush o‘rtog‘i nomiga rasmiylashtirib bergan. Shunga qaramay, oilaviy nizolar davom etgan.
Sudlanuvchining ko‘rsatmasiga ko‘ra, keyinchalik turmush o‘rtog‘i uy o‘z nomida ekanini, uni sotishi mumkinligini aytgan. O.U.ning ta’kidlashicha, u ayolini bir necha bor uyga qaytishga ko‘ndirishga uringan, biroq bunga erisha olmagan.
Sudlanuvchi voqea kuni bozordan kiyim-kechak va ro‘zg‘or uchun xo‘jalik pichog‘i sotib olganini, so‘ng onasi qo‘ng‘iroq qilib, turmush o‘rtog‘i uyni xaridorlarga ko‘rsatish uchun kelayotganini aytgach, u bilan gaplashish maqsadida maktabga borganini bildirgan.
Voqea 27-yanvar kuni soat 15:30 larda Asaka tumanidagi maktab binosida sodir bo‘lgan. Maktab koridorida er-xotin o‘rtasidagi suhbat janjalga aylangan. Natijada O.U. o‘zi bilan olib kelgan xo‘jalik pichog‘i bilan ayolga bir necha marotaba tan jarohati yetkazgan. Olingan jarohatlar oqibatida ayol vafot etgan.
“U gaplarimni eshitish o‘rniga yana haqorat qildi. Keyin jahl ustida unga qanday qilib pichoq urganimni bilmayman. Shundan keyin hech narsani eslay olmayman. Ko‘zimni ochganimda shifoxonada edim”, deya ko‘rsatuv bergan O.U.
Hodisadan so‘ng erkak yashash xonadoniga qaytib, o‘z joniga qasd qilishga uringan. Uni akasi ko‘rib qolib, shifoxonaga olib borgan. Shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan tibbiy yordam natijasida uning hayoti saqlab qolingan.
Sud hukmi bilan O.U. Jinoyat kodeksining 97-moddasi ikkinchi qismi “j”, “i” va “l” bandlari bilan aybdor deb topilib, 19 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan.








