O‘zbekistonlik FIFA referisi Ilgiz Tantashev boshchiligidagi hakamlar brigadasi AQSH, Kanada va Meksika mezbonlik qilayotgan Jahon chempionatining pley-off bosqichida faoliyat olib boradi.
O‘FA matbuot xizmati xabariga ko‘ra, o‘zbekistonlik referilar 1/8 final doirasidagi Paragvay — Fransiya uchrashuvini boshqarib boradi.
Mundialning ushbu muhim bahsida Ilgiz Tantashevga qanotlarda Andrey Sapenko va Timur Gaynullin yordam beradi. Uchrashuv 4-iyul kuni AQSHning Filadelfiya shahridagi stadionda bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur bahs Tantashev uchun ushbu musobaqadagi uchinchi o‘yin hisoblanadi. Tajribali referi bunga qadar “C” guruhi 2-turidan o‘rin olgan Shotlandiya — Marokash hamda “J” guruhi 3-turidagi Jazoir — Avstriya uchrashuvlarida ham hakamlik qilgan edi.








