Daryo

Xitoyda besh yashar bola sabab 15 dan ortiq iPhone yonib ketdi

Bolaning otasi mobil telefonlar do‘konini boshqargan. U uyida smartfonlarning bir qismini saqlagan. Yongʻinda jami 30 ga yaqin qurilma yaroqsiz holga kelgan.

1 daqiqa o‘qish9 143 ko‘rishlar0 izoh12

Xitoyda bola uyda o‘ynab yurganida tasodifan o‘nlab mobil telefonlarni yoqib yubordi. Ular orasida iPhone smartfonlari ham bo‘lgan. Bu haqda South China Morning Post xabar berdi.

Bolaning otasi Shenchjen shahrida mobil telefonlar do‘konini boshqaradi. U qurilmalarning bir qismini uyida saqlab kelgan. Yong‘in Pengning besh yoshli o‘g‘li qisqa tutashuv sodir boʻlayotgan uzaytirgichdan chiqayotgan uchqunlarni payqaganida boshlangan. Bola qiziqib, ulardan sochiqni yoqish uchun foydalangan. Oqibatda olov tezda butun ustaxonaga tarqalib, 30 ga yaqin telefonni yo‘q qilgan.

Ularning yarmidan ko‘pi iPhone bo‘lib, hodisa oqibatida jami 200 000 yuandan (salkam 29 ming 500 AQSH dollari) ortiq zarar yetgan. Pengning biznesi sug‘urtalanmagan edi, shu sababli moliyaviy zarar uning o‘ziga to‘g‘ri kelgan.

Ta’kidlanishicha, Peng yong‘in payti uxlab yotgan boʻlgan. Bola alanga otasiga yetib borishidan xavotirlanib, boshqa xonaga yashirinishdan oldin u yotgan xonaning eshigini yopib qoʻygan.

“U meni uyg‘otmadi. Hatto men uchun konditsionerni ham yoqib qoʻyibdi”, deydi Peng.

U tutun hididan uyg‘onib ketgan va yong‘inni o‘chirgan. Ammo ustaxona va mehmonxonaning bir qismiga jiddiy zarar yetgan. Bolaga hech qanday zarar yetmagan, u hodisadan keyin polni tozalashga ham harakat qilgan. Peng oʻgʻliga xitoycha “wan huo zi fen” (oʻt bilan oʻynashgan kuyadi) iborasini oʻrgatgan va: “Ortimdan qaytar. Buni yodlab olgach, boshqa bunday qilma”, deb uqtirgan.

Otaning ta’kidlashicha, o‘g‘li uning chekishini bilgan holda ustaxonadan to‘rt quti sigaretni saqlab qolgan. Peng bolaligida tanbeh eshitishdan qanchalik qoʻrqqanini eslab, kelgusi avlodga shunday qattiqqo‘llik qilishni istamasligini aytdi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar