Xitoyning Shenjen sanoat zonasidagi BYD avtomobillari turargohida yirik yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Kompaniya bayonotiga ko‘ra, avtoturargoh “sinovdan o‘tkazilayotgan va utilizatsiya qilinadigan avtomobillar” uchun mo‘ljallangan. Voqea joyiga o‘t o‘chirish mashinalari va politsiya xodimlari jalb etilgan. Yong‘in tezda o‘chirilgan, hodisa oqibatida jabrlanganlar va halok bo‘lganlar yo‘q.
Buning ortidan BYD aksiyalari GMT vaqti bilan soat 02:08 holatiga ko‘ra 0,6 foizga arzonlashgan. Kompaniyaning global bosh qarorgohi Xitoy janubidagi Shenchjen shahrining Pingshan rayonida joylashgan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, elektromobillarning yonishi ichki yonuv dvigatelli avtomobillardan farqlanadi. Bunday yong‘inlar ko‘pincha uzoq davom etadi, ularni o‘chirish qiyinroq bo‘ladi va qayta alangalanish ehtimoli yuqori.








