AQSHning Hyuston shahridagi “NRG” stadionida JCH-2026 guruh bosqichining 2-turidan o‘rin olgan Portugaliya hamda O‘zbekiston terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv nihoyasiga yetdi. Qiziqarli va keskin kurashlar ostida o‘tgan bahs yevropaliklarning 5:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
Uchrashuv O‘zbekiston terma jamoasi uchun og‘ir boshlandi. Portugaliyaliklar ilk daqiqalardanoq to‘p nazoratini to‘liq o‘z qo‘liga olib, oldinga tashlandi. Natijada o‘yinning 6-daqiqasidayoq jamoa sardori Krishtianu Ronaldu Abduvohid Ne’matov qo‘riqlayotgan darvozani ishg‘ol qilib, hisobni ochishga muvaffaq bo‘ldi.
O‘zbekiston vaziyatni o‘nglab ulgurmasdan, Portugaliya hisobni ikkitaga oshirdi: 17-daqiqada qanot himoyachisi Nunu Mendesh jarima zarbasidan gol urib, o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi. O‘zbekiston futbolchilari himoyada zich o‘ynashga, Eldor Shomurodov va Abbosbek Fayzullayev orqali qarshi hujumga qochishga harakat qilgan bo‘lsa-da, Roberto Martines shogirdlari bunga deyarli imkon bermadi.
31-daqiqada O‘zbekiston gol urishni uddalagan edi. Ammo Aziz G‘aniyevning goli qoidabuzarlik sabab bekor qilindi. Birinchi bo‘lim oxirlariga kelib, 39-daqiqada Krishtianu Ronaldu himoyadagi bo‘shliqlardan foydalangan holda uchrashuvdagi o‘zining ikkinchi golini urdi va hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi (3:0). Birinchi bo‘lim shu hisobda yakunlandi.
Ikkinchi bo‘limda O‘zbekiston terma jamoasi o‘yinni tartibga solishga va himoyani mustahkamlashga harakat qildi, biroq vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarmadi. Uchrashuvning 60-daqiqasida darvozabon Abduvohid Ne’matov o‘z darvozasiga to‘p kiritib qo‘ydi (avtogol) va oradagi farq to‘rttaga yetdi.
O‘yinning asosiy vaqti yakunlanishiga sanoqli daqiqalar qolganida, aniqrog‘i 87-daqiqada Rafael Leau O‘zbekiston darvozasini beshinchi bor ishg‘ol qilib, uchrashuvdagi yakuniy nuqtani qo‘ydi. Hakam tomonidan qo‘shib berilgan 5 daqiqa ichida hisob o‘zgarmadi. Shu tariqa, Portugaliya terma jamoasi ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi. Ayni paytda Portugaliya K guruhida 4 ochko bilan 1-o‘rinni egallab turgan bo‘lsa, O‘zbekiston hisobida hozircha ochko mavjud emas. Guruhdagi ikkinchi bahs esa Kolumbiya hamda Kongo DR o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. Mazkur o‘yin 24-iyun tongida bo‘lib o‘tadi.
Jahon chempionati
Guruh bosqichi, 2-tur, K guruhi
Portugaliya — O‘zbekiston 5:0
Gollar: 1:0 — Krishtianu Ronaldu (6), 2:0 — Nunu Mendesh (17), 3:0 — Krishtianu Ronaldu (39), 4:0 — Abduvohid Ne’matov (60, avtogol), 5:0 — Rafael Leau (87).








