Daryo

Muzrabot hokimi fermerlarni haqorat qilgani aytilgan audio tarqaldi

Unda hokim deb tanishtirilgan shaxs gʻalla topshirish rejasini bajarmayotgan fermerlarni soʻkkanini eshitish mumkin. Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov vaziyatni shaxsan nazoratiga oldi.

1 daqiqa o‘qish17 915 ko‘rishlar0 izoh10

Surxondaryo viloyatining Muzrabot tumani hokimi Abdulla Mamatqulovga tegishli ekani aytilayotgan audioyozuv tarqaldi. Unda mansabdor ekani aytilayotgan shaxs fermerlarni haqorat qilib, g‘alla topshirish rejasini qisqa muddat ichida bajarishni talab qilgani eshitiladi. Bu haqda “Kun.uz” xabar berdi.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, audioyozuv 15-iyun kuni tuman hokimining xizmat xonasida o‘tkazilgan yig‘ilishda yozib olingan bo‘lishi mumkin. Yig‘ilish g‘alla yetishtirish bo‘yicha shartnomaviy majburiyatlar va hosil topshirish masalalariga bag‘ishlangan.

Audio mazmunidan yig‘ilish davomida hokim deb tanishtirilgan shaxs fermerlarga nisbatan muntazam ravishda haqoratli va tahqirlovchi iboralarni ishlatgani anglashiladi. Shuningdek, unda sud va prokuratura bilan bog‘liq tahdidlar ham yangragani qayd etilgan.

Holat yuzasidan Surxondaryo viloyati hokimligi munosabat bildirib, tegishli o‘rganish ishlari boshlanganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov mazkur holatni jiddiy e’tibor talab etuvchi masala sifatida baholagan. U davlat organlari vakillari va fermerlar o‘rtasidagi munosabatlar qonun ustuvorligi, o‘zaro hurmat, inson qadr-qimmati hamda xizmat odobi tamoyillari asosida tashkil etilishi lozimligini ta’kidlagan.

Ma’lum qilinishicha, voqeaning barcha tafsilotlarini xolis va har tomonlama o‘rganish hamda unga huquqiy baho berish maqsadida vakolatli idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh tuzilgan.

Viloyat hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, masala viloyat hokimining shaxsiy nazoratiga olingan. Tekshiruv yakunlari va vakolatli organlar xulosalariga asosan qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli qaror qabul qilinadi.

Hokimlik jamoatchilikni rasmiy o‘rganish natijalarini kutishga va tasdiqlanmagan ma’lumotlar asosida xulosa chiqarmaslikka chaqirdi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar