AQSHning NASA agentligi “Artemida-3” Oy missiyasi ekipaji tarkibiga kiradigan to‘rt nafar astronavt nomini ma’lum qildi. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.
NASAning Xyustondagi Lyndon B. Johnson kosmik markazida bo‘lib o‘tgan tadbirda missiyada amerikalik astronavtlar Andre Douglas, Frank Rubio va Randy Bresnik, shuningdek, italiyalik astronavt Luka Parmitano ishtirok etishi e’lon qilindi.
Birinchi yevropalik astronavt nemis bo‘lishi kutilgandi
Avvalroq Yevropa kosmik agentligi NASAning Oy missiyasida qatnashadigan ilk yevropalik astronavt nemis bo‘lishini bildirgan edi.
Asosiy nomzodlar sifatida geofizik va vulqonshunos olim, astronavt Aleksandr Gerst hamda muhandis va astronavt Mattias Maurer ko‘rib chiqilgandi.
Yevropa kosmik agentligi rahbari Josef Ashbaxerning aytishicha, yakuniy tanlovda NASAning talablariga mos keladigan sinov uchuvchisi tajribasi hal qiluvchi omil bo‘lgan.
“Ular aynan sinov uchuvchisini qidirayotgan edi. Bizning korpusimizda esa bunday tajribaga ega yagona nomzod Luka Parmitano bo‘lgan”, dedi Ashbaxer.
Astronavtlar Oyga qo‘nmaydi
Dastlab “Artemida-3” missiyasi doirasida Oyga odam tushirilishi rejalashtirilgan edi. Biroq 2026-yil fevralida NASA missiya konsepsiyasi o‘zgartirilganini ma’lum qildi.
Yangi reja bo‘yicha ekipaj past Yer orbitasida qoladi va SpaceX hamda Blue Origin tomonidan ishlab chiqilayotgan Oyga qo‘nish modullari bilan tutashuv amaliyotlarini bajaradi.
“Artemida-3” missiyasining uchirilishi 2027-yilga mo‘ljallangan. NASAning Oyga navbatdagi pilotli qo‘nishi esa hozircha 2028-yilga qoldirilgan.
“Artemida-2” rekord o‘rnatgandi
Joriy yilning aprel oyida “Artemida-2” missiyasi ekipaji Yerga muvaffaqiyatli qaytdi. Missiyada NASA astronavtlari Reid Wiseman, Victor Glover va Christina Koch hamda Canadian Space Agency astronavti Jeremy Hansen ishtirok etgan.
Missiya davomida “Orion” kosmik kemasi Oy atrofini aylanib chiqdi va insoniyat tarixidagi yangi rekord o‘rnatildi — astronavtlar Yerdan 407 ming kilometr masofagacha uzoqlashdi.








