NASAning “Artemida-2” missiyasi doirasida Oy atrofida parvoz qilgan “Orion” kosmik kemasi Kaliforniya shtatining San Diyego shahri yaqinida Tinch okeaniga muvaffaqiyatli qo‘ndirildi.
Kemaning suvga qo‘nish jarayonini NASAning YouTube kanalida uch milliondan ortiq kishi kuzatib borgan. Jonli efir kosmik agentlikning boshqa resurslarida ham namoyish etildi.
Bortida NASA astronavtlari Rid Uaysmen, Viktor Glover va Kristina Kuk hamda Kanada kosmik agentligi astronavti Jeremi Hansen bo‘lgan 1-aprel kuni AQSHning sharqiy qirg‘og‘idan uchirilgandi. Oradan besh kun o‘tib, 6-aprel oqshomida “Artemida-2” missiyasi ekipaji Oyni kuzatish bosqichini yakunlab, Yerga qaytishni boshladi.
Shuningdek, missiya ishtirokchilari avtonom rejimda olti kungacha nafas olishni ta’minlay oladigan yangi skafandrlarni sinovdan o‘tkazdi.
“Artemida-2” dasturi kelgusi o‘n yillikdagi bir qator ulkan missiyalar uchun asos bo‘lishi mumkin. “Axios” ma’lumotlariga ko‘ra, 2027-yilga mo‘ljallangan “Artemida-3” missiyasida “Orion” kosmik kemasi Oyga qo‘nish modullari, jumladan, Blue Origin (milliarder Jeff Bezosga tegishli) va SpaceX (milliarder Ilon Mask boshqaruvidagi) kompaniyasining Starship modullari bilan birlashtiriladi.
“Artemida-4” missiyasini 2028-yilda amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, u Oyning Janubiy qutbiga qo‘nishga qaratiladi. “Artemida-4” ekipaji aynan shu joyning ilk suratlarini hozirgi missiya davomida 6000-10000 km balandlikdan oladi.
2030-yilga kelib, “Artemida-5” dasturi o‘zining uzoq muddatli infratuzilmasini, jumladan, tadqiqot bazalari, aholi punktlari, marsyurar va yuk qo‘ndirish stansiyalarini kengaytirib, Oyda barqaror mavjudlikka erishishni maqsad qilgan.








